Putin Eronni uranni boyitishdan voz kechishga chaqirdi - OAV

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Tramp va Eron vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda Eronning uranni boyitishdan butunlay voz kechishini ko‘zda tutuvchi yadro kelishuvini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu haqda ushbu masaladan xabardor manbalarga tayanib, “Axios” xabar berdi.

Uch nafar yevropalik va bir nafar isroillik rasmiyning aytishicha, Moskva Eronni “nol boyitish” rejimiga, ya’ni umuman uranni boyitmaslikka ko‘ndirishga harakat qilgan. Ikki manbaning qo‘shimcha qilishicha, rossiyaliklar bu pozitsiyani Isroil hukumati bilan ham muhokama qilgan. 

“Biz Putinning eronliklarga aynan shuni aytganini bilamiz”, degan yuqori lavozimdgi isroillik manba. 

Qayd etish joiz, Putin bu fikrni o‘tgan hafta Tramp va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali suhbatda ham ifoda etgan. Ayni paytda Isroil va AQSH tomonidan Eron yadro ob’ektlariga berilgan zarbalar katta zarar keltirgan bo‘lsa-da, Eronning barcha yuqori darajadagi boyitilgan urani yo‘q qilinmagan. 

Manbalarga ko‘ra, agar muzokaralar yaqin haftalarda boshlansa, AQSH asosiy shartlardan biri sifatida Eron hududida uranni nol darajada boyitish talabi bilan chiqadi. Biroq Eron anchadan beri shuni ta’kidlab keladiki, har qanday bitimda u uranni o‘z hududida boyitish huquqini saqlab qolishi kerak.

Manbalarning aytishicha, so‘nggi haftalarda Putin va boshqa rossiyalik rasmiylar eronliklarga bir necha bor nol boyitish kelishuvini qo‘llab-quvvatlayotganlarini bildirgan.

“Putin uranni nol darajada boyitishni qo‘llab-quvvatlaydi. U eronliklarni amerikaliklar bilan muzokaralarni yengillashtirish uchun shu yo‘nalishda harakat qilishga undadi. Ammo eronliklar bu masalani hatto ko‘rib chiqishni ham istamadi”, degan nashrning manbalaridan biri. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlikni to‘xtatish to‘g‘risida farmon chiqargandi. Mamlakat parlament raisi o‘rinbosari Hamid Rizo Hojiy Boboiyning ma’lum qilishicha, Eron endilikda MAGATE rahbari Rafael Grossini o‘zining yadroviy ob’ektlariga kiritmoqchi emas va bu inshootlarga kuzatuv kameralarini o‘rnatishga ham rozi bo‘lmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Vladimir Putin Moskva Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing