AQSH va Ukraina tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv imzoladi

Olam

image

Kecha, 30 aprel kuni AQSH va Ukraina o‘zaro kelishuv asosida Ukraina tabiiy resurslariga doir hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi. Bu haqda Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari va Iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, ikki davlat Ukrainani tiklash bo‘yicha investitsion fond tashkil etadi. Ushbu fond global investorlarni jalb qilishga xizmat qiladi.

UNIAN bitimning asosiy bandlarini e’lon qildi:

  • Ukrainaning yerosti boyliklariga egalik saqlanib qoladi – qanday resurslar qayerda va qanday qazib olinishi to‘g‘risidagi qarorlar faqat Ukraina tomonidan qabul qilinadi;
  • Hamkorlik teng asosda olib boriladi – fond 50/50 ulushda tashkil etiladi, hech bir tomon ustun ovozga ega bo‘lmaydi;
  • Ukraina davlat mulki himoyalangan – davlat kompaniyalarini, xususan “Ukrnafta” yoki “Energoatom”ni xususiylashtirish yoki boshqaruv mexanizmini o‘zgartirish rejalashtirilmagan;
  • Qarz majburiyatlari yo‘q – AQSH oldida hech qanday qarz yoki moliyaviy majburiyat belgilanmagan. Hamkorlik ikki davlat iqtisodiyotiga foyda keltiradi.

Kelishuv Ukraina Konstitutsiyasiga zid emas va mamlakatning Yevroittifoqqa integratsiyalashuv kursini o‘zgartirmaydi.

Sviridenkoning aytishicha, fond faqat yangi litsenziyalardan tushgan daromad hisobidan moliyalashtiriladi.

“Bu – kritik materiallar, neft va gaz loyihalari bo‘yicha beriladigan yangi litsenziyalar orqali davlat byudjetiga tushadigan 50 foiz daromad haqida. Oldin boshlangan loyihalardan yoki allaqachon byudjetga kiritilgan tushumlardan fondga pul ajratilmaydi”, deydi vazir.

Fond faoliyatini ta’minlash uchun byudjet kodeksiga o‘zgartirishlar kiritiladi, bu o‘zgarishlar Oliy Rada tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Yangi fond AQSH hukumati tomonidan DFC agentligi orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Bu agentlik AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlardagi investorlar va kompaniyalarni jalb qilishda Ukrainaga yordam beradi.

“Fond daromadlari va ajratmalari AQSHda ham, Ukrainada ham soliqqa tortilmaydi, bu esa investitsiyalarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida AQSH Prezidenti Donald Tramp yordam davom etishini, biroq Ukraina kamyob yer metallari bilan ta’minlash majburiyatini olishi kerakligini bildirgan edi. Zelenskiy bunga javoban, bu masala uning 2024 yil sentyabrda Trampga taqdim etilgan “G‘alaba rejasi” doirasida mavjudligini tasdiqlagan.

Zelenskiy dastlab AQSH taklif etgan bitimni rad etgandi, chunki unda Ukraina uchun aniq kafolatlar yo‘qligini bildirgandi. Bunga javoban Tramp bitimni buzganlikda ayblab, Zelenskiyni prezidentlik saylovlarini o‘tkazmasligi bilan tanqid qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina tabiiy resurslar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing