AQSH va Gretsiyani “yopishtirgan” Erdo‘g‘an Rossiyaga kelganda qanday yo‘l tutadi?

Olam

image

Moskva va butun Rus patriarxi Kiril Turkiya hukumatiga Istanbuldagi Ayya Sofiya ibodatxonasini muzey maqomida saqlab qolishni so‘rab murojaat qildi. Bu haqda mahalliy matbuot yozmoqda. 

“Men Turkiya davlat yetakchisining mulohazakorlik bilan ish qilishiga umid qilaman. Nasroniy madaniyati durdonalaridan biri va dunyodagi millionlab nasroniylar uchun timsol bo‘lgan ibodatxonaning hozirgi betaraf maqomini saqlab qolish – kelajakda uning Rossiya va Turkiya xalqlari orasidagi munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish hamda dinlararo tinchlik va murosani mustahkamlash uchun xizmat qiladi”, deyilgan patriarx Kirill bayonotida.

Kalavaning uchi 

Joriy yilning 2 iyul kuni Turkiya Oliy sudi Avliyo Sofiya ibodatxonasining maqomi Prezident farmoni bilan o‘zgartirilishi mumkinligi to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatning birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturkning 1934 yilda qabul qilingan Avliyo Sofiya ibodatxonasining maqomi to‘g‘risidagi farmoyishi qonuniy hisoblanadi, ammo amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an uni o‘zgartirish huquqiga ega.

Avliyo Sofiya yana masjidga aylantirilsa, u yerda 15 iyul – Turkiyada davlat to‘ntarishi o‘tkazishga bo‘lgan urinishning to‘rt yilligi munosabati bilan namoz o‘qilishi taxmin qilinyapti. Bu o‘z navbatida yakuniy qaror qabul qilishga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin.

AQSH va Gretsiyaning og‘ziga urgan Erdo‘g‘an

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2019 yilning mart oyida TRT telekanaliga bergan intervyusida ushbu muzey yana masjidga aylantirilishiga ishora bergan edi. Joriy yilning 29 may kuni Istanbul shahri Fotih Sulton tarafidan fath etilgan kun munosabati bilan Ayya Sofiyada Qur’oni karimning Fath surasi o‘qildi. Shundan so‘ng bahs-munozaralar avjiga chiqdi. 

Bu orada holatga Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirib, Ayya Sofiyada Qur’on oyatlarining o‘qilishini, xristianlarning diniy tuyg‘ulari oyoqosti qilinishi deb baholadi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, AQSH Davlat departamenti ham holatga nisbatan munosabatini bildirib, Ayya Sofiyaning ko‘p dinli tarixini saqlab qolishni qo‘llab-quvvatlashini ochiqlagan. Departament Xalqaro diniy erkinlik to‘g‘risidagi hisobotlarni ro‘kach qilgan.

Prezident Erdo‘g‘an kechagi nutqida AQSH va Gretsiyaning iddaolariga qarshi gapirarkan, Turkiyaning ichki ishlariga boshqa mamlakatlarning aralashishga haqi yo‘qligini urg‘uladi. U so‘zida davom etarkan, Turkiya barcha din vakillariga ochiq mamlakat ekanini qayd etdi.

3 iyul kuni Istanbuldagi yangi masjid qurilishiga tamal toshi qo‘ygan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Turkiyaning ichki ishlariga aralashishga hech kimning haqi yo‘qligini eslatib, shunday degandi: 

“Biz dunyoning boshqa o‘lkalarida o‘z vatandoshlariga xizmat qilib kelayotgan ibodatxonalarning ishiga aralashmayapmizmi, demak boshqalarning ham bizning ibodatxonalarimiz ishiga aralashishga haqi yo‘q”.

Qiziq, AQSH va Gretsiyaga bu tarzda og‘ir javob qaytargan Erdo‘g‘an Rossiyaga kelganda ham shunday yo‘l tuta olarmikin? 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an Ayya Sofiya

Baholaganlar

386

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing