AQSH O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi kurash uchun 2 million dollar ajratadi

Jamiyat

image

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC/CAR) Markaziy Osiyo hukumatlarining COVID-19 ga qarshi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 6,8 million dollar ajratdi, buning 2,07 million dollari esa O‘zbekistonga beriladi.

Bu mablag‘ni CDC O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirligi aniqlagan eng shoshilinch ehtiyojlarni qondirishga sarflaydi. Jumladan, mablag‘ COVID-19 testlari uchun laboratoriya jihozlari va asbob-uskunalar sotib olishga sarflanib, buning natijasida infeksiyani tashxislash qobiliyati oshishiga va test natijalari tezda o‘zgarishiga erishiladi.

Shuningdek, ajratilgan mablag‘ O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida shoshilinch tibbiy operatsiyalar markazini tashkil etish maqsadida tegishli jihoz xarid qilish va trening o‘tkazishga sarflanadi. CDC chegara kirish punktlarida tekshiruvdan o‘tkazish uchun texnik ko‘mak ham beradi, bu esa mamlakatning chegaralarda shaxslarni aniqlash va javob qaytarish qobiliyatini mustahkamlaydi.

“Biz Markaziy Osiyodagi COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha yanvar oyidan boshlab yaqindan monitoring olib bormoqdamiz hamda mintaqadagi barcha hukumatlarga kasallik avj olishiga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlash uchun texnik ko‘mak taklif qilib kelmoqdamiz”, deydi CDC Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori, doktor Deniyel Singer.

Singer ushbu mablag‘lar qay tarzda sarflanishiga aniqlik kiritib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu mablag‘lar nafaqat koronavirusga qarshi kurashishda, balki boshqa pandemik kasalliklarga ham qarshi yo‘naltirilgan.

“Ushbu mablag‘ bizga virus tarqalishini sekinlashtirish bo‘yicha mamlakatlar ko‘rayotgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishga imkon beradi. Bunda CDCning mintaqada ko‘p yillardan buyon OIV va sil kasalligini nazorat qilish hamda gripp va boshqa pandemik kasalliklarga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan ishlariga asoslaniladi. CDCʼning sog‘liqni saqlash xavfsizligini yaxshilashga yo‘naltirilgan sarmoyalari tahdidlarga, shu jumladan hozirgi koronavirus epidemiyasiga tez va samarali tayyorgarlik ko‘rish uchun poydevor vazifasini o‘tadi va biz sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan hamkorligimiz har qachongidan ham muhimroq ekanini his qilmoqdamiz”, deydi janob Singer.

Ma’lum qilinishicha, CDC Markaziy Osiyo bo‘limi mintaqadagi sog‘liqni saqlash vazirliklariga virus tarqala boshlagan paytdan buyon treninglar o‘tkazish hamda shoshilinch amaliyotlar, laboratoriya ishlari, infeksiyaning oldini olish va nazorat qilish, chegaralarda tekshiruv, xatarlar bo‘yicha axborot almashuvi, jamoatchilik ishtiroki va kasallikni nazorat qilishda texnik ko‘mak berish orqali qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bundan tashqari, u yetakchi xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotlari nashr etgan texnik qo‘llanmalarni keng ommaga tarqatish uchun rus tiliga tarjima qilmoqda.

CDC birinchi ofisini 1995 yili Olma-otada ochgan bo‘lib, hozir uning ofislari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonda ham mavjud. CDC mahalliy laboratoriya, kasallikni nazorat qilishni mustahkamlash, mutaxassislar qobiliyatini oshirish maqsadida har bir mamlakatdagi sog‘liqni saqlash vazirligi bilan ishlaydi va ularga kasallik tarqalishining oldini olish, aniqlash va tegishli javob qaytarish bilan bog‘liq faoliyatni yanada yaxshilashga ko‘maklashadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

29

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing