AQSH O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun viza berish tartibini kuchaytirmoqchi
Jamiyat
−
17 Oktabr 2023
19953AQSH hukumati O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining Yevropadagi aeroportlar orqali mamlakatga noqonuniy kirishidan xavotirlanyapti. Shu bois ham Vashington Yevropa Ittifoqi (YeI) a’zolaridan tranzit viza berish tartibini kuchaytirishni talab qilmoqda. Bu haqda "Bloomberg" nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Unga ko‘ra, Jo Bayden ma’muriyati yevropaliklarga ehtimoliy terrorchilarning AQSH hududiga kirib kelishining oldini olish uchun Markaziy Osiyoning ayrim davlatlaridan kelgan sayohatchilar nazoratga olinishi kerakligini bildirgan.
Xususan, Vashington mamlakatga Yevropa orqali o‘tayotgan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining vizalari jiddiy tekshirilishini xohlagan. Bu bilan muhojirlar oqimini cheklash hamda xavfsizlikni ta’minlash mas’uliyatining bir qismi YeIning zimmasiga o‘tmoqda.
Bunga O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlaridan bir guruh migrantlarning ISHID bilan aloqadorlikda gumonlanayotgani ham sabab bo‘lgan.
Ushbu vaziyatda Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun viza berish masalasi to‘g‘ridan to‘g‘ri YeIga a’zo davlatlar bilan muhokama qilinishi kerak.