Venesuela Prezidenti Isroilni genotsidda aybladi
Olam
−
10 Oktabr 2023
10205Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 9 oktyabr kuni Venezolana de Televisión davlat telekanalining “Maduro bilan+” mualliflik dasturining jonli efirida so‘z ochdi.
"Dunyo javob berishi va G‘azo sektori aholisiga qarshi genotsidga yo‘q deyishi, Falastin xalqiga qarshi qotillikka yo‘q deyishi kerak", degan Maduro Isroilning "falastinlik oilalar yashaydigan uylarni doimiy ravishda bombardimon qilishiga" ishora qilib.
U Isroilning G‘azo sektorini to‘liq blokada qilganini ham qoraladi.
“Bir necha o‘n yillar davomida bu yerda millionlab odamlar bombardimon qilingan, hujumga uchragan, qiynoqqa solingan va quvg‘in qilingan”, degan Prezident.
Uning ta’kidlashicha, xalqaro ommaviy axborot vositalari va xalqaro jamoatchilik jim bo‘lib, Falastin xalqiga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlarni senzura qilmoqda.
"Venesuela o‘t ochishni to‘xtatish, tinchlik muzokaralari va Falastinning tarixiy huquqlarini tiklash bo‘yicha kelishuv tarafdori. Uning eslatishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1967 yilda "ikki davlat – Falastin va Isroilni yaratish” to‘g‘risida majburiy rezolyutsiya qabul qilgan. Biroq bu barcha Isroil hukumatlari tomonidan buzilib keladi. Men butun dunyodagi nasroniylar, musulmonlar, yahudiylarni falastinliklarning tarixiy huquqlarini tiklash uchun BMT rezolyutsiyalarining bajarilishi, o‘t ochishni to‘xtatish, xalqlar huquqlarini hurmat qilish, tinchlik muzokaralarini zudlik bilan boshlashni talab qilishga chaqiraman”, degan Maduro.
Prezidentning fikricha, AQSH va Yevropa mintaqaviy urushdan jahon urushiga aylanib ketish xavfini tug‘dirayotgan bu mojaroni to‘xtata oladi, lekin ular olovga moy sepib, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Falastin xalqi genotsidini oqlash, urushning butun mintaqaga tarqalishi uchun sharoit yaratmoqda.
Maduro Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning G‘azo sektoriga gumanitar yordam ko‘rsatish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va unga qo‘shildi. Uning fikricha, Erdo‘g‘an Isroil va Falastin o‘rtasidagi qurolli mojaroni hal qilishda vositachi bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.