AQSH Ukrainaga yana 54,6 mlrd dollar ajratmoqchi

Olam

image

Kecha, 31 iyul kuni AQSHning Respublika va Demokratik partiyalaridan bo‘lgan senatorlar kelasi ikki yil ichida Ukrainaga 54,6 milliard dollar yordam ajratishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Kongressga kiritdi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu mablag‘ning uchdan bir qismini Rossiyaga tegishli muzlatilgan aktivlar daromadidan moliyalashtirish taklif qilinmoqda.

Tashabbus mualliflari – Demokratik partiyadan tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitada a’zo bo‘lgan Jinn Sheyxin va Respublikachi senator Liza Merkauski sanaladi. Rejaga ko‘ra, jami mablag‘ning 18,2 mlrd dollari Rossiyaning konfiskatsiya qilingan aktivlari va Yevropa Ittifoqi davlatlariga qurol sotishdan keladigan daromad evaziga qoplanadi. Bundan tashqari, AQSH Ukrainadagi noyob yer metallari qazib olishdan keladigan foydani ham bu dasturga yo‘naltirmoqchi.

Qonun loyihasi nafaqat harbiy yordamni, balki AQSHning o‘z mudofaa zaxiralarini to‘ldirishni ham nazarda tutadi. Mablag‘larning asosiy qismi Ukrainaga yuborilgan qurollarning o‘rnini bosadigan yangi qurollarni xarid qilishga sarflanadi. Shuningdek, bu qonun loyihasi AQSH Prezidentiga Kongress roziligisiz Ukrainaga qurol yetkazib berishga ruxsat beradi.

Biroq “The New York Times” nashri bu qonun loyihasi Respublikachilar partiyasi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmasligi mumkinligini yozgan. 

Ma’lumot uchun, 2022 yil fevralidan beri AQSH Kongressi Ukrainaga jami 174 mlrd dollarlik yordamni o‘z ichiga olgan beshta paketni ma’qullagan. Eng so‘nggi paket 2024 yilning aprel oyida 61 mlrd dollar miqdorida tasdiqlangan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 iyul kuni Oq uy rahbari Donald Tramp Rossiyaga Ukraina bilan sulhga erishish uchun 10 kun muddat bergan edi. Bu muddat 8 avgustda tugaydi. Bungacha 50 kunlik muhlat belgilagan edi. Kreml esa Trampning navbatdagi bayonotlarini “e’tiborga oldi” va Rossiya sanksiyalarga nisbatan “muayyan immunitetga” ega ekanini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Kongress Jinn Sheyxin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing