Putinda 10 kun muhlat bor – Tramp (video)
Olam
−
30 iyul 6638 2 daqiqa
Rossiya Ukraina bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishi uchun 10 kunlik muhlatga ega. Bu haqda kecha, 29 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Shotlandiyadan uchib ketishidan avval Air Force One bortida jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Bugundan boshlab 10 kun,” dedi Tramp jurnalistlarga.
AQSH rahbarining bildirishicha, ushbu muddat tugaganidan so‘ng Vashington Rossiyaga nisbatan avval va’da qilingan bojlar “va boshqa choralarni” joriy qiladi. Biroq Tramp bu choralar Rossiyaga ta’sir qiladimi-yo‘qmi, aniq emasligini qayd etdi.
“Ular ta’sir qilishi mumkin, yoki ta’sir qilmasligi ham mumkin,” degan u va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, ehtimol, urushni davom ettirishni istayotganini bildirgan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Moskvaga bergan yangi muhlatga hozircha Rossiya tomonidan hech qanday munosabat bildirilmagan.
“Bu achinarli”, deya izoh bergan Tramp.
Ushbu bayonot ortidan Trampdan Rossiyaga qarshi sanksiyalar neft bozori vaziyatiga ta’sir qilishi mumkinligidan xavotiri bormi, deb so‘rashdi. AQSH Prezidenti esa: “Men bu borada xavotirda emasman,” deb javob bergan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyi o‘rtalarida Tramp Rossiya agar 50 kun ichida Kiyev bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishmasa, AQSH Rossiya va uning savdo hamkorlariga nisbatan boj solig‘i joriy qilishini aytgan edi.
Joriy yilning 28 iyul kuni esa Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan hafsalasi pir bo‘lganini bildirdi va Moskvaga bergan 50 kunlik muddatni qisqartirishga qaror qilganini ma’lum qilgandi. Keyinroq u bu muhlatni 10-12 kungacha qisqartirishini aniq aytdi. Shuningdek, Tramp endi Putin bilan muzokaralarga qiziqmayotganini bildirdi.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukrainada urushni to‘xtatish bo‘yicha bergan bayonotlarini inobatga olishini aytdi.
Live
Barchasi