AQSH “Tolibon”ga jiddiy ogohlantirish bilan chiqdi
Olam
−
23 dekabr 2022
12749Agar Afg‘onistonda qizlarning ta’lim olishi tiklanmasa, Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘arbdagi ittifoqchilari bilan “Tolibon”ga qarshi chora ko‘radi. Bu ogohlantirishni kecha, 22 dekabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“[“Tolibon” harakati uchun] agar bu (qizlarning o‘qishini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror – tahr.) bekor qilinmasa, o‘zgartirilmasa, badallar bo‘ladi. Bugun men ular haqida batafsil gapirmayman, lekin biz buni ittifoqchilar va hamkorlar bilan harakatlarni muvofiqlashtirish orqali qilamiz”, deydi Amerika diplomatiyasi rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” jahon hamjamiyati bilan munosabatlarni yaxshilashga intiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 dekabr kuni “Tolibon” harakati mamlakat universitetlaridan talaba qizlar uchun darslarni keyingi ogohlantirishgacha to‘xtatishni talab qildi. Buning ortidan AQSH ma’muriyati o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda Afg‘onistondagi oliy o‘quv yurtlarida qizlarning o‘qishi to‘xtatilgani munosabati bilan “Tolibon” harakatiga qarshi chora ko‘rishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.
"Tolibon"ga ko‘ra, bunday qarorga “[universitet] yotoqxonalarida ayollarning bo‘lishi va ularning viloyatlardan [o‘qish uchun] erkaklar hamrohligisiz kelishi, talaba qizlarning hijob o‘rash qoidalariga rioya qilmasligi, erkak va ayolning birgalikda o‘qishi, ba’zi fakultetlarda qizlarning o‘qitilishi islom qonunlariga zid va afg‘onlarning g‘ururiga putur yetkazishi sabab bo‘lgan.