AQSH “Tolibon”ga havodan hujum qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

AQSH harbiylari bu hafta “Tolibon” harakatiga qarshi Afg‘oniston hukumat kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun samolyotlar va dronlarni harakatga keltirdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

“So‘nggi kunlarda odamlar boshqaradigan va uchuvchisiz texnikalar yordamida zarbalar berildi”, degan Pentagon vakili Robert Lodevik.

O‘z navbatida “Associated Press”ning qo‘shimcha qilishicha, hujumlar uchun samolyotlar Afg‘oniston tashqarisidagi aerodromlardan olingan. Chunki Qo‘shma Shtatlar allaqachon bu mamlakatdan jangovar samolyotlarini olib chiqib ketgan.

Avvalroq, AQSHning Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni Kennet Makkenzi “Tolibon” harakati Afg‘oniston hududlariga hujumlarni to‘xtatmasa, AQSH ularga aviazarba berishda davom etishini ma’lum qilgandi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon

Baholaganlar

335

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing