AQSH Suriyadagi harbiy bazalarini yopmoqchi

Olam

image

AQSH Suriyadagi sakkizta harbiy bazasidan faqat bittasini saqlab qoladi. Bu haqda AQSHning Turkiyadagi elchisi va Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tomas Barak amerikalik OAVlarga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Biz sakkiz bazadan faqat bittasini qoldiramiz”, degan Barak.

Diplomatga ko‘ra, Vashington Suriyaga nisbatan o‘n yillab davom etgan siyosatini o‘zgartirishga qaror qilgan, chunki bu siyosat samara bermagan.

Barak shuningdek, kurdlardan tashkil topgan Suriya demokratik kuchlari AQSH uchun hanuz muhim ittifoqchi bo‘lib qolayotganini aytgan va mintaqadagi boshqa hamkorlar yangi xavfsizlik tizimini shakllantirishda ishtirok etishiga umid bildirgan.

“Fox News” ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH allaqachon Suriyada joylashgan 2000 nafar harbiysidan 500 nafarini olib chiqqan.

O‘tgan haftada AQSH Davlat departamenti vakili Mayk Mitchell AQSH hozircha Suriyadan butunlay chiqib ketishni rejalashtirmayotgani haqida gapirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Damashq bilan munosabatlarda yangi bosqichni boshlashni istamoqda. Diplomat Tomas Barakning Damashqqa yetib kelishini u “tarixiy kun” deb atagan.

“The New York Times” aprel oyi o‘rtalarida AQSH o‘z harbiy kontingentini qisqartirishni boshlagani haqida yozgandi. Nashrning ikki manbasiga ko‘ra, shimoli-sharqiy Suriyadagi sakkizta operativ bazaning uchtasi yopilmoqda va harbiylar soni 2000 nafardan 1400 nafargacha qisqartirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari Suriyaga qarshi 2019 yilda joriy etilgan sanksiyalarning bir qismini 180 kunga to‘xtatgandi. AQSHning ushbu qarori mamlakatlar o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirgandek ko‘rindi. Qolaversa, 13 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlash va “unga ikkinchi imkoniyat berish”ga va’da berdi. Uning aytishicha, bu cheklovlar “qat’iy va falokat darajasida” bo‘lgan, ammo o‘z vazifasini bajargan.

Keyinroq esa Donald Tramp Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan shaxsan uchrashdi. Uchrashuvda Tramp yana bir bor AQSHning Suriya bo‘yicha sanksiyalarni bekor qilishini e’lon qilgan. Bu qaror Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmondan kelgan iltimosga binoan amalga oshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Suriya Turkiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing