AQSH sudi Trampning $1,8 milliardlik jamg‘armasini to‘xtatib qo‘ydi
Olam
−
17:55 782 2 daqiqa
AQSH federal sudi Prezident Donald Tramp ma’muriyatining hukumat tomonidan amalga oshirilgan “siyosiy ta’qiblar” qurbonlariga tovon to‘lash uchun tashkil etilayotgan qariyb 1,8 milliard dollarlik jamg‘arma faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda bugun, 30 may kuni “Reuters” axborot agentligi xabar berdi.
Virjiniya shtati Sharqiy okrugi sudyasi Leoni Brinkema chiqargan qarorga ko‘ra, ma’muriyatga jamg‘armani tashkil etish yoki uning ishini boshlash bo‘yicha har qanday keyingi harakatlarni amalga oshirish taqiqlandi. Ushbu qaror kamida 12 iyungacha amal qiladi.
Adliya vazirligi o‘tgan hafta Trampning soliq deklaratsiyalari oshkor bo‘lishi yuzasidan Soliq xizmati (IRS)ga qarshi da’vosi bo‘yicha kelishuv doirasida “Hukumat tomonidan ta’qiblarga qarshi jamg‘arma” (Anti-Weaponization Fund) tashkil etilishini ma’lum qilgan edi.
1,776 milliard dollarlik ushbu jamg‘arma besh nafar a’zodan iborat komissiya nazoratida bo‘lishi rejalashtirilgan. Jamg‘arma “siyosiy bosim” yoki “qonun orqali ta’qib” qurboni bo‘lganini isbotlay olgan shaxslarga kompensatsiya to‘lashi kerak edi. Bu atamalarni Tramp va uning tarafdorlari o‘zlariga qarshi olib borilgan tergovlar va jinoiy ishlarga nisbatan qo‘llab keladi.
Sud qarori Democracy Forward tashkiloti tomonidan berilgan da’vo asosida qabul qilingan. Tashkilot Tramp ma’muriyati tomonidan siyosiy raqib sifatida nishonga olingan shaxslar mazkur jamg‘arma mablag‘laridan foydalana olmasligini ta’kidlagan.
“Bu shaffoflik, qonun ustuvorligi va Amerika xalqi uchun g‘alaba”, degan Democracy Forward rahbari Skay Perriman.
Uning fikricha, hech bir ma’muriyat davlat mablag‘larini siyosiy mukofot dasturi sifatida taqsimlash vakolatiga ega emas. Adliya vazirligi esa jamg‘arma qonuniy ekaniga ishonch bildirib, kompensatsiya olish uchun hech qanday partiyaviy talablar qo‘yilmasligini ma’lum qilgan.
Jamg‘arma hatto Trampning ayrim respublikachi tarafdorlari tomonidan ham tanqid qilingan. Ular 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga qilingan hujum ishtirokchilari ham davlat mablag‘lari hisobidan tovon olishi mumkinligidan norozi bo‘lgan. Tanqidchilar esa bu jamg‘armani Trampning siyosiy ittifoqchilarini rag‘batlantirish uchun mo‘ljallangan “maxfiy sarmoya fondi” deb atashmoqda.
Sudya Brinkema jamg‘arma mablag‘lari qaytarib bo‘lmaydigan tarzda tarqatib yuborilishining oldini olish uchun vaqtinchalik cheklov zarurligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH federal sudi Prezident Donald Tramp nomining Kennedi nomidagi sahna san’ati markaziga berilishini noqonuniy deb topdi va markazni ta’mirlash uchun yopish rejasini to‘xtatgan edi.
Live
Barchasi