Sud Tramp nomini Kennedi markazidan olib tashlashga qaror qildi
Olam
−
30 may 2205 2 daqiqa
AQSH federal sudi Prezident Donald Tramp nomining Kennedi nomidagi sahna san’ati markaziga berilishini noqonuniy deb topdi va markazni ta’mirlash uchun yopish rejasini to‘xtatdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Sudya Kristofer Kuperning qaroriga ko‘ra, markaz rahbariyati Tramp nomini binoga berishda o‘z vakolatidan oshib ketgan. Sudning ta’kidlashicha, Kennedi markazi nomi Kongress tomonidan belgilangan bo‘lib, uni faqat Kongress o‘zgartirishi mumkin.
Shuningdek, sud markazni ikki yilga yopib, keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish haqidagi qarorni ham bekor qilgan. Qarorga muvofiq, Trampning ismi ikki hafta ichida bino fasadi va barcha rasmiy materiallardan olib tashlanishi kerak.
Tramp sud qarorini tanqid qilib, Kennedi markazini ta’mirlash tashabbusidan voz kechishini va muassasa boshqaruvini Kongressga qaytarishni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Kennedi markazi rahbariyati esa sud qarori ustidan apellyatsiya berishini ma’lum qilgan. Ularning aytishicha, markaz jiddiy ta’mirtalab holatda va uni yangilash uchun 257 million dollar mablag‘ ajratilgan.
Ayni paytda Kennedi markazi odatdagi faoliyatini davom ettirmoqda va rejalashtirilgan madaniy tadbirlar bekor qilinmagan.
Ma’lumot uchun, Kennedi nomidagi sahna san’ati markazi AQSH poytaxti Vashington shahrida joylashgan mamlakatning eng yirik madaniyat maskanlaridan biridir. U 35-prezident Jon Kennedi xotirasiga bag‘ishlab qurilgan va 1971 yilda faoliyat boshlagan. Markazda opera, balet, teatr spektakllari hamda simfonik konsertlar muntazam o‘tkaziladi.
Live
Barchasi