AQSH rossiyalik to‘rt nafar harbiy xizmatchiga qarshi jinoiy ish ochdi
Olam
−
07 dekabr 2023
5365AQSH Adliya vazirligi Ukrainaga bostirib kirishda ishtirok etgan to‘rt rossiyalik askarni harbiy jinoyatlarda aybladi. Ular amerikalikni o‘g‘irlash va qiynoqqa solishda ayblanmoqda. Bu haqda mamlakat Adliya vazirligi xabar qildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi ofitserlari Suren Mkrtchyan va Dmitriy Budnik, shuningdek, ularning qo‘l ostidagilari Valeriy va Nazar ismli shaxslar 2022 yil aprel oyida Xerson viloyatidagi uyidan AQSH fuqarosini o‘g‘irlab ketishgan. Vazirlik bu shaxsning Ukraina armiyasi bilan aloqasi bor-yo‘qligini aniqlamagan.
Bayonotda aytilishicha, Rossiya harbiylari amerikalikni noqonuniy ravishda kamida o‘n kun hibsga olgan. Bu vaqt ichida ular mahbusni bir necha bor kaltaklab, so‘roqqa tutgan va o‘ldirish bilan tahdid qilgan.
Bundan tashqari, ular bir marta uning qatl etilishini uyushtirgan. Harbiylardan biri amerikalikning boshiga qurol qo‘yib, keyin yon tomonga o‘q uzgan.
Adliya vazirligining qayd etishicha, rossiyalik harbiylarga uchta harbiy jinoyat – noqonuniy hibsga olish, qiynoqlar va g‘ayriinsoniy muomala, shuningdek, harbiy jinoyatlarni sodir etishga til biriktirish bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Bu jinoyatlar uchun eng og‘iri umrbod qamoq jazosi hisoblanadi.
Shuningdek, vazirlikning yozishicha, xorijda Amerika fuqarolariga qarshi urush jinoyatlarini sodir etganlarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun Amerika qonuni birinchi marta qo‘llanilmoqda.
2022 yil kuzida Ukraina jurnalistik surishtiruv markazi Mkrtchyan Dneprning chap qirg‘og‘ini Rossiya tomonidan bosib olinganida tinch aholini o‘g‘irlash va zo‘rlashda ishtirok etganini yozgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Oliy Radasining sobiq deputati Ilya Kivaning jasadi Moskva yaqinidagi Suponevo qishlog‘idan topilgandi.
LiveBarchasi