AQSH Rossiya yadro qurolining Belarusga o‘tkazilishini keskin qoraladi
Olam
−
26 may 2023
4974Amerika Qo‘shma Shtatlari Minsk va Moskva o‘rtasidagi Rossiyaning taktik yadro qurollarini Belarusga topshirish bo‘yicha kelishuvni keskin qoraladi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot kotibi Mettyu Miller ma’lum qildi.
“Bu Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan keyin biz ko‘rgan mas’uliyatsiz xatti-harakatlarning yana bir misolidir”, deydi Miller.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga qarshi kimyoviy, biologik yoki yadroviy qurollardan foydalanish jiddiy oqibatlarga olib keladi.
“Shu bilan birga, Vashington hali ham o‘z yadroviy kuchlarining tayyorligini qayta ko‘rib chiqish uchun hech qanday sabab ko‘rmayapti va Rossiya Federatsiyasi yadroviy quroldan foydalanish niyatida ekanini ko‘rsatadigan biron bir alomatni sezmagan. Biz o‘z strategik yadro salohiyatimizni o‘zgartirish uchun hech qanday sabab ko‘rmayapmiz”, deydi departament matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Belarus tomonining iltimosiga ko‘ra, respublikada o‘zining taktik yadro qurolini joylashtirishini aytgan. Rossiya davlati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 1 iyulda Belarus hududida taktik yadroviy qurollarni saqlash ombori qurilishini yakunlash rejalashtirilgan. Moskva Minskka yadroviy qurol tashuvchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan “Iskandar” raketa tizimini allaqachon topshirgan va Belarus samolyotlarini maxsus o‘q-dorilardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun qayta jihozlashda yordam bergan. Belarus harbiy xizmatchilari Rossiya Federatsiyasida tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan.
Kecha, 25 may kuni Rossiya va Belarus Mudofaa vazirlari Sergey Shoygu va Viktor Xrenin Minskda Rossiya yadro qurolini Belarus hududidagi maxsus omborda saqlash tartibini belgilovchi hujjatlarni imzoladi.
LiveBarchasi