AQSH Rossiya va Xitoy sabab sinovi kechiktirilgan ballistik raketasini uchirdi (video)

Olam

image

Bugun, 16 avgust kuni AQSH armiyasi Tayvandagi keskinlik tufayli kechiktirilgan Minuteman III qit’alararo ballistik raketasini (QBR) sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda seshanba kuni AQSH harbiy-havo kuchlari bo‘linmasi ma’lum qildi.

“HHKning Global hujum qo‘mondonligi harbiylari 16 avgust kuni soat 00:49 da Kaliforniyadagi Vendenberg kosmik kuchlar bazasidan Yer atmosferasiga qaytuvchi sinov jangovar kallagi bilan jihozlangan Minuteman III QBRni uchirdi”, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, sinovlar “AQSH yadroviy kuchlarining tayyorligini ko‘rsatish”, shuningdek, “milliy yadroviy strategik kuchlarning samaradorligini” isbotlash maqsadida o‘tkazilgan. Shunday qilib, Qo‘shma Shtatlar o‘z qurollari XXI asr tahdidlarining oldini olish uchun “xavfsiz, ishonchli va samarali” ekanligini namoyish etgan.

“Tegishli sinovlar avval 300 martadan ko‘proq o‘tkazilgan va bu sinov dunyodagi hozirgi voqealarga aloqador emas”, deya ta’kidlagan harbiy idora.

Bayonotga ko‘ra, qit’alararo ballistik raketaning jangovar kallagi taxminan 4,2 ming milya (taxminan 6,7 ming km) masofani bosib o‘tgan va Tinch okeanidagi Marshall orollarigacha yetib borgan.

Avgust oyi boshida AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvan oroliga tashrifi va AQSH-Xitoy munosabatlaridagi keskinlik tufayli Vashington Minuteman III QBR sinovini kechiktirgandi. Bundn oldinroq, aprel oyida AQSH harbiylari Rossiya bilan qarama-qarshlik kuchayib ketmasligi uchun xuddi shu raketa sinovini bekor qilgandi.

Ma’lumot uchun, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi 2 avgust kuni kechqurun Taybeyning Sonshan aeroportiga yetib keldi va orolda bir kun ham bo‘lmay, 3 avgust kuni qaytib ketdi. Bu AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikerining 1997 yildan beri orolga qilgan ilk safari bo‘ldi. Pelosi Tayvanda orol ma’muriyati rahbari Say Ingven bilan uchrashdi.

Bu voqea AQSH va Xitoy munosabatlarini taranglashtirdi. Rasmiy Pekin Pelosi kelishidan oldin Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshlagandi. Tashrifdan keyin esa orol atrofida bir qancha hududlarda mashg‘ulotlarga start berildi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining tashrifiga keskin norozilik bildirdi va uni qoraladi. Uning safari “Yagona Xitoy” tamoyili va uchta Xitoy-AQSH kommunikelari qoidalarini jiddiy ravishda buzishi urg‘ulandi. Pekin, shuningdek, Vashingtonni Xitoyni nazorat qilish uchun Tayvandan foydalanishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, diplomatik departament mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishontirdi.

Oq uyning fikricha, Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy suverenitetini buzmagan, AQSH ma’muriyati esa “o‘zini qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligiga” ishontirgan. Amerika rasmiylari mintaqada keskinlikning kuchayishiga hech qanday sabab yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Kreml Pelosining safarini mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi provokatsiya deb atadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov dunyoning barcha davlatlari buni qayd etayotganiga e’tibor qaratdi va Rossiyaning Xitoy bilan birdamligini qayd etdi.

Xitoy harbiylari Pelosi tashrifidan keyin shay holatga keltirildi. Armiya Tayvan atrofidagi bir nechta nuqtada harbiy mashg‘ulotlar boshladi.

Xitoy-Tayvan masalasi

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh raketa

Baholaganlar

39

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing