AQSH Polshaga jangovar vertolyotlar yetkazib beryapti
Olam
−
22 avgust 2023
3549AQSH Mudofaa vazirligi Polshaga 12 milliard dollarga Apache tipidagi hujum vertolyotlarini sotishni ma’qulladi. Bu haqda Pentagon ma’lum qildi.
Pentagon huzuridagi Mudofaa hamkorligi va xavfsizlik agentligining bayonotiga ko‘ra, kelishuv 96 ta vertolyot va zarur jihozlarni o‘z ichiga oladi.
Aytilishicha, Polsha uchun kutilayotgan qurol-yarog‘ kelishuvi AQSHning NATO bo‘yicha ushbu ittifoqchisi xavfsizligini hamda hozirgi va kelajakdagi tahdidlarga qarshi turish qobiliyatini oshiradi.
Rasmiy Varshava ham mazkur kelishuvni tasdiqladi. Polsha Mudofaa vaziri Mariush Blashakning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Polshaga 96 ta shunday mashina yetkazib berilgunga qadar o‘z zaxiralaridagi Apache vertolyotlari bilan ta’minlaydi.
“Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan kelishuvlarimga ko‘ra, jarayonlar yakunlanib, sotib olingan vertolyotlar Polshaga yetkazilguniga qadar AQSH armiyasi bizni o‘z zaxirasidagi Apache vertolyotlari bilan ta’minlaydi”, deb yozgan vazir X’dagi sahifasida.
Ma’lumot uchun, Boeing kompaniyasining Apache vertolyotlari 1980 yillardan beri ishlatilib kelinmoqda va hozirda AQSH armiyasining asosiy hujum vertolyotlari hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Polsha Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan birinchi K239 Chunmoo raketa tizimini qabul qilgan edi. Uning qo‘shnisi Belarus esa Rossiyadan Mi-35 jangovar vertolyotlarinining birinchi partiyasini olgan, yil oxirigacha yana to‘rtta shunday vertolyot olishi ma’lum qilingan. Bundan tashqari, Rossiya Belarusga S-400 zenit-raketa komplekslarini yetkazib bergan.
LiveBarchasi