AQSH ortidan yana 5 davlat o‘z fuqarolarini Ukrainadan ketishga chaqirdi
Olam
−
12 fevral 2022
6228Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Chernogoriya, Yaponiya va Janubiy Koreya o‘z fuqarolariga Ukrainaga sayohat qilmaslik yoki uning hududini tark etishni tavsiya qildi. Bu haqda RBK xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, Chernogoriya Tashqi ishlar vazirligi “kuchlanishning ortishi va oldindan aytib bo‘lmaydigan xavfsizlik vaziyati munosabati bilan” fuqarolarga Ukrainani vaqtincha tark etishni tavsiya qilgan. Janubiy Koreya Ukrainaga qizil ogohlantirish darajasini belgilagan va bu davlatga sayohat qilishni taqiqlagan.
Niderlandiyaning Kiyevdagi elchisi Yennes de Mol fuqarolarga Ukrainani zudlik bilan tark etishni maslahat bergan. Shu bilan birga, Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida odamlarga Rossiya va Belarus bilan chegaradosh hududlardan qochish tavsiya etilgan, Ukrainada bo‘lganlarga esa mamlakatni tark etish haqida o‘ylash tavsiya etilgan.
Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi ham Ukrainadagi yapon fuqarolariga mamlakatni zudlik bilan tark etishni tavsiya qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 10 fevral kuni AQSH Davlat departamenti fuqarolarga “Rossiya harbiy amaliyotlari hamda COVID-19 tahdidi kuchayishi sababli” Ukrainaga bormaslikni yoki darhol uning hududini tark etishni tavsiya qilgan. AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainadagi barcha amerikaliklarni mamlakatni “hoziroq” tark etishga chaqirgan.
Kiyev va G‘arb siyosatchilari so‘nggi oylarda Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘plaganini iddao qilib keladi. Kremlda ta’kidlanganidek, qurolli kuchlar o‘z hududi doirasida harakat qilmoqda — bu hech kimga tahdid solmaydi va hech kimni xavotirga solmasligi kerak. Tashqi ishlar vazirligining tushuntirishicha, “Rossiya tajovuzkorligi” haqidagi bayonotlar chegaradosh hududlarda NATO kontingentlarini to‘plash uchun bahona sifatida ishlatiladi va bunday ayblovlar ham kulgili, ham xavfli.
LiveBarchasi