AQSH Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqmoqda – Pompeo

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, ayni vaqtda AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. U O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvdan keyin tomonlar OAV xodimlariga bayonot berdi. 

AQSH Davlat kotibi Pompeoning ta’kidlashicha, AQSH Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqmoqda. 

AQSH Davlat kotibi o‘z chiqishida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning may oyida AQSHga amalga oshirgan tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etgani, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda fuqarolik jamiyatini isloh qilish, majburiy mehnatga barham berish, so‘z va diniy erkinlik sohalarida ijobiy natijalarga erishilganini qayd etdi va buni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

“Bugungi muloqot yakuni bo‘yicha aytishim mumkinki, hamkorligimiz bundan keyin ham izchil davom etadi. Istagimiz O‘zbekistondagi islohotlar jarayoniga Amerika biznesi vakillari ham munosib hissasini qo‘shsin, yangi ish o‘rinlari yaratilsin. Biz O‘zbekistonda moliya va soliq tizimida davom etayotgan islohotlarga texnik yordam ko‘rsatishga tayyormiz. Uchrashuvda xavfsizlik masalalari ham muhokama qilindi. Bu o‘rinda O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarini olqishlaymiz”, deya qayd etdi Maykl Pompeo.

Shuningdek, AQSH Davlat kotibi AQSH O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun bir million dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi, deb yozmoqda “Dunyo” axborot agentligi. 

Davlat kotibi AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining mintaqa bo‘yicha sa’y-harakatlariga ham to‘xtaldi. Uning bildirishicha, AQSH Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqmoqda. “Ayni paytda Toshkentda o‘tadigan “Markaziy Osiyo – AQSH” shaklidagi vazirlar uchrashuvini sabrsizlik bilan kutmoqdamiz. Hamkorlikning ushbu shakli terrorizmga qarshi kurashish, mintaqaviy, energetik muammolarni hal qilish imkonini beradi”, deydi u.


Maqola muallifi

Teglar

Maykl Pompeo

Baholaganlar

95

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing