AQSHning sobiq davlat kotibi Pompeo Tayvanga keldi
Olam
−
26 Sentabr 2022
7603AQSHning sobiq davlat kotibi Maykl Pompeo bugun, 26 sentyabr kuni Tayvanga keldi. Bu haqda orolning markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Siyosatchi ertaga, 27 sentyabr kuni Taybeyning “Sziyu shibao” gazetasi tashabbusi bilan janubiy Gaosyun shahrida bo‘lib o‘tadigan Global Taiwan Business Forum’da ishtirok etadi. Tadbirda 300 ga yaqin tadbirkor va boshqa ishtirokchilar, jumladan, xorijlik mehmonlar qatnashishi kutilmoqda. Bundan tashqari, amerikalik mehmon Tayvanning bir qancha yuqori texnologiyali kompaniyalariga tashrif buyuradi.
Pompeo joriy yilning mart oyi boshida orolga tashrif buyurgan edi. Shundan so‘ng Tayvan ma’muriyati rahbari Say Inven ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun unga orden topshirdi.
Yangi sayohat Tayvanni Xitoy hududining bir qismi deb hisoblaydigan va Pompeoni mamlakat suverenitetini buzadigan qadamlar uchun mas’ul siyosatchilar qatoriga qo‘ygan Pekinni yana g‘azablantirishi mumkin. O‘tgan yilning yanvar oyida Xitoy rasmiylari AQSHning 28 nafar fuqarosiga, jumladan, sobiq davlat kotibiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi.
So‘nggi paytlarda Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Vashington Taybey bilan aloqalarini sezilarli darajada kuchaytirdi, bu Amerika delegatsiyalarining orolga muntazam tashriflari, jumladan, AQSH Kongressi orqali ham o‘z aksini topdi. Oxirgi ikki oy ichida AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi, bir qancha senatorlar va gubernatorlar Tayvanga tashrif buyurdi. XXR bunday tashriflarni provokatsiya va Xitoyning ichki ishlariga aralashish deb hisoblaydi.
LiveBarchasi