AQSH Markaziy Osiyo bilan sheriklikni chuqurlashtirish niyatida – Bayden To‘qayevni Navro‘z bilan tabrikladi

Olam

image

Amerika rasmiylari C5+1 (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va AQSH) formatidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirishga intilmoqda. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Baydenning Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrik telegrammasida so‘z boradi.

“Mening ma’muriyatim bizning strategik sherikligimizni chuqurlashtirish va bundan besh yil oldin Davlat kotibi Jon Kerri ishtirokida boshlangan C5+1 dialog jarayonini davom ettirishni maqsad qilgan”, deyiladi telegrammada.

Bayden shuningdek, bu yil Qozog‘iston mustaqilligining 30 yilligini nishonlayotganiga ham alohida to‘xtalib o‘tgan. 

“Sizni ushbu voqea bilan tabriklar ekanman, ishonamanki, mening ma’muriyatim siz va Qozog‘iston xalqi bilan ishlashga katta ahamiyat beradi. Biz ko‘p yillar davomida yadro qurolini tarqatmaslik, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash sohasida yaqin sheriklikni davom ettirmoqdamiz”, deyiladi Bayden telegrammasida.

Eslatib o‘tamiz, C5+1 formatidagi Tashqi ishlar vazirlarining so‘nggi yuzma-yuz uchrashuvi o‘tgan 2020 yilning fevral oyi boshida AQSHning sobiq Davlat kotibi Maykl Pompeoning Yevroosiyoga safari paytida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida tomonlar Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va xavfsizlik istiqbollari hamda Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi.

Ma’lumot o‘rnida, Qo‘shma Shtatlar va Markaziy Osiyoning besh mamlakati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston 2015 yilda iqtisodiyot, ekologiya va xavfsizlik sohalaridagi mintaqaviy muammolarni muhokama qilish uchun C5+1 o‘zaro aloqa formatini o‘rnatgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Markaziy Osiyo C5+1 Bayden To'qaev

Baholaganlar

227

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing