AQSH Maduroga hokimiyatdan voz kechishi evaziga amnistiya taklif qildi – WSJ

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari maxfiy muzokaralar chog‘ida Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning tarafdorlariga 2025 yil yanvarida vakolat muddati tugagunga qadar iste’foga chiqishi evaziga amnistiya taklif qildi. Bu haqda manbalariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, gap 2020 yilda AQSH Adliya vazirligi Maduro va boshqa Venesuela hukumati amaldorlariga qarshi qo‘ygan narkotik-terrorizmga aloqadorlik ayblovlaridan ozod qilish haqida bormoqda. 

“Amerika Qo‘shma Shtatlari iyul oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Maduroning mag‘lubiyatga uchragani haqida ishonchli dalillar borligiga ishonchi komil bo‘lgani uchun amnistiya taklifi bilan chiqdi”, deb yozadi gazeta.

Manbalarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar 2023 yilda Dohadagi maxfiy muzokaralar chog‘ida Prezidentga xuddi shunday shartlarda amnistiya taklif qilgan, biroq Maduro rad javobini bergan va shundan beri uning pozitsiyasi o‘zgarmagan. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, agar Tramp 2024 yilning noyabrida bo‘lib o‘tadigan AQSH prezidentligi saylovlarida g‘alaba qozonsa, u Maduroga nisbatan “tajovuzkor siyosatini” qaytadan boshlasa, muzokaralar to‘xtatilishi mumkin.

2020 yil mart oyida AQSH Adliya vaziri Uilyam Barr Amerika rasmiylari Nikolas Maduroga, shuningdek, boshqa hukumat amaldorlariga narkotik-terrorizmga aloqadorlikda ayblov qo‘yganini e’lon qildi. Bunga parallel ravishda, AQSH Davlat departamenti ishda ishtirok etganlar, jumladan, Prezidentni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 5 million dollardan 15 million dollargacha pul mukofoti tayinladi.

28 iyul kuni Venesuelada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Milliy saylov kengashi protokollarning qariyb 97 foizini ko‘rib chiqqandan so‘ng, saylovchilarning 51,95 foizi amaldagi Prezident Nikolas Maduroga, 43,18 foizi esa uning asosiy raqibi, o‘ta o‘ngchi muxolifatdan nomzod Edmundo Gonsales Urrutiaga ovoz berganini ma’lum qildi.

Muxolifat yetakchilaridan biri Mariya Korina Machado saylov kuni Gonsales jamoasi uning saylovlardagi mag‘lubiyatini tan olmoqchi emasligini aytdi.

Rossiya, Boliviya, Gonduras, Eron, Xitoy, Kuba va Nikaragua Venesuelaning amaldagi Prezidentini g‘alabasi bilan tabrikladi. Argentina, Dominikan Respublikasi, Kosta-Rika, Panama, Peru, AQSH, Urugvay va Chili kabi qator davlatlar Maduroning qayta saylanganini tan olmadi.

Venesuela rasmiylari ushbu davlatlardan o‘z diplomatlarini chaqirib olishayotgani va hukumatdan ham xuddi shunday choralar ko‘rishni talab qilishayotgani haqida xabar berdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made