AQSH Kongressi Tramp tufayli shoshilinch maxfiy yig‘ilish o‘tkazmoqchi
Olam
−
14 avgust 2022
16171AQSH Vakillar palatasi qo‘mitasi raislari Kerolin Maloni va Adam Shiff mamlakatning sobiq Prezidenti Donald Tramp Floridadagi qarorgohida maxfiy hujjatlarni saqlagani yuzasidan shoshilinch brifing o‘tkazishni so‘radi.
“Biz Tramp maxfiy ma’lumotlarni olib, uni o‘z mulkida saqlab, milliy xavfsizlikka yetkazilgan zararni zudlik bilan baholashni so‘raymiz”, deyiladi qonunchilar milliy razvedka direktori Avril Xeynsga yo‘llangan ochiq xatda.
Kongressmenlar e’lon qilingan faktlar munosabati bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararni baholash va natijada Kongress a’zolari uchun maxfiy brifing o‘tkazish zarurligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, sobiq Prezident Donald Tramp joriy yilning 8 avgust kuni FQB agentlari uning Floridadagi qarorgohida tintuv o‘tkazgani haqida xabar bergandi.
Shundan so‘ng, Federal qidiruv byurosi (FQB) AQSHning sobiq Prezidenti Donald Trampning Floridadagi mulkida yadroviy qurolga oid maxfiy hujjatlarni qidirgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinroq FQB Trampning qarorgohidan 11 ta maxfiy hujjat topgani, ularning orasida “o‘ta maxfiy” tasnifidagi materiallar ham borligi ma’lum bo‘ldi.
Qayd etish kerakki, joriy yil boshida Milliy arxiv Tramp Floridadagi shaxsiy qarorgohiga 15 quti prezidentlik yozuvlarini olib ketganini aytgan edi. Taxminlarga ko‘ra, qutilarda “milliy xavfsizlikka oid maxfiy ma’lumotlar” hamda Tramp va xorijiy davlat rahbarlarining rasmiy yozishmalari bo‘lgan.
LiveBarchasi