“Trampning bunga vakolati yo‘q”. AQSH Kongressi bojlarni bekor qilishi mumkin
Olam
−
08 aprel
4601AQSH Kongressi ko‘pchilik ovoz bilan Prezident Donald Tramp joriy qilgan favqulodda holat rejimi va shu bilan uning import bojlari to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishi mumkin. Bu haqda senator Elizabet Uorren MSNBS telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning aytishicha, tariflar to‘g‘risidagi qarorni Prezident emas, balki Kongress qabul qilishi va tasdiqlashi kerak.
“Aslida Kongress tariflarni joriy etish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlashi kerak. Kongress Donald Trampga favqulodda vakolatlar berdi, ammo u oddiy ko‘pchilik ovoz bilan favqulodda vaziyat yo‘qligini e’lon qilishga haqli xolos. Bu esa uni ushbu tariflarning barchasini joriy etish imkoniyatidan mahrum qiladi”, degan senator.
Uning qo‘shimcha qilishicha, barcha demokratlar AQSH favqulodda holatda emasligini e’lon qilishga tayyor.
“Biz Fransiya, Kanada, Italiya, Yaponiya yoki Janubiy Koreya bilan urushmayapmiz. Agar bir nechta respublikachilar bizni qo‘llab-quvvatlasa, Donald Tramp tomonidan yaratilayotgan va iqtisodiyotimizni jarlikka tortayotgan bu tarif falokatiga chek qo‘yish uchun yetarlicha kuchga ega bo‘lamiz”, degan senator.
Trampning yangi bojlari
2 aprel kuni Tramp AQSHning tashqi savdo hamkorlariga (ro‘yxatga jami 185 ta davlat kiritilgan) nisbatan “o‘zaro” bojlar joriy etilishini ma’lum qildi. Bojlarning minimal bazaviy darajasi 10 foizni tashkil etdi, biroq bir qator davlatlar uchun bojlar AQSHning ushbu mamlakatlar bilan savdo taqchilligiga qarab individual ravishda hisoblab chiqilgan. Masalan, Xitoy uchun bojlar 34 foizni, Yevropa Ittifoqi uchun esa 20 foizni tashkil qiladi.
7 aprel kuni Tramp, agar Pekin Amerika tovarlariga nisbatan 34 foizlik javob bojlarini bekor qilmasa, AQSH ma’muriyati Xitoyga qo‘shimcha 50 foizlik boj joriy etishini e’lon qildi. U bunday majburiyatlar 9 apreldan boshlab kuchga kirishi haqida ogohlantirdi.
Bunga javoban Xitoy Tramp bilan savdo urushida oxirigacha kurashishga tayyorligini bildirdi. Qolaversa, AQSH Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari, biznesmen Ilon Mask ham shaxsan AQSH Prezidenti Donald Trampdan bojxona siyosatini qayta ko‘rib chiqishni va ulkan import bojlarini joriy qilmaslikni so‘ragandi.
LiveBarchasi