Tramp TikTok'da chindan ham “1-raqamli”mi? (video)

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp bu hafta bir necha bor o‘zini TikTok'da “1-raqamli” deb atadi. Biroq bu eng ko‘p kuzatuvchiga ega foydalanuvchi emas, balki ijtimoiy tarmoqdagi eng mashhur jahon yetakchisi ekanini anglatadi. Bu haqda AQSHning CNBC nashri xabar berdi.

“Yangi raqamlar chiqdi. Bilasizmi, TikTok'da eng birinchi o‘rinda kim turibdi? Tramp. Men”, degan Tramp 6 iyul kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda. U shuningdek, Teylor Sviftni ortda qoldirganini aytib, qo‘shiqchini platformada “11-o‘rinda” deb ta’kidlagan.

Biroq 9 iyul holatiga ko‘ra, Trampning TikTok'da 16,7 million kuzatuvchisi bor. Teylor Svift esa 33,5 milliondan ortiq kuzatuvchiga ega bo‘lib, Trampdan ikki baravar ko‘p auditoriya to‘plagan.

Platformadagi eng mashhur akkaunt egasi – senegallik va italiyalik bloger Xabane Leym bo‘lib, uning 162,3 million kuzatuvchisi bor. Bu Tramp auditoriyasidan qariyb o‘n baravar ko‘p. Undan keyin 159,2 million kuzatuvchi bilan 22 yoshli Charli D’Amelio joylashgan. U 2019 yil oxirida raqs videolari orqali mashhurlikka erishgan.

“Men birinchi raqamli edim. Bu san’atkorlarning barchasi 27-, 29-o‘rinlarda. Bu aql bovar qilmaydi. O‘zim ham tushunmayman, ammo bu mening fikrlarim odamlarga yetib borayotganini anglatadi”, degan Tramp 8 iyul kuni Turkiyaning Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan NATO sammitida.

5 iyul kuni Truth Social'dagi post esa Trampning bu gapiga aniqlik kiritgan. Unda TikTok bosh direktori Shou Zi Chyuning Trampni platformadagi eng ko‘p kuzatuvchiga ega jahon yetakchisi sifatida tabriklagan xabari e’lon qilingan. Oq uydan ushbu farq haqida izoh so‘ralganda, rasmiylar Trampning aynan shu Truth Social postiga ishora qilgan.

CNBC tahliliga ko‘ra, Tramp haqiqatdan ham TikTok'dagi eng ko‘p kuzatuvchiga ega jahon yetakchisi hisoblanadi. Undan keyin Salvador prezidenti Naib Bukele 12,9 million, Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum 9,3 million va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 7,3 million kuzatuvchi bilan joylashgan. Ko‘plab davlat rahbarlarining TikTok'da rasmiy akkaunti yo‘q. Ular qatorida Xitoy raisi Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Yaqin Sharqning ko‘plab davlat rahbarlari bor. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa platformada 1,5 million kuzatuvchi to‘plagan.

AQSH ichki siyosatida esa 2024 yilgi prezidentlik saylovida Trampning raqibi bo‘lgan sobiq vitse-prezident Kamala Xarrisning TikTok'da 10,1 million kuzatuvchisi bor. Sobiq prezidentlar Barak Obama va Jo Baydenning rasmiy TikTok akkauntlari mavjud emas.

Trampning TikTok sahifasida asosan Oval kabinetdan turib turli davlat siyosati, tashabbuslar va qarorlar haqida murojaat qilgan qisqa videolar joylashtiriladi. Ayrim videolar hazilomuz mazmunda ham bo‘ladi. Masalan, 26 may kuni joylangan videoda u demokratlarni nega “Dumocrats” deb atashini tushuntirgan.

“Faqat bitta harf o‘zgargan. Ular haqiqatan ham ahmoq odamlarga o‘xshaydi”, degan Tramp.

Tramp bu haftagi NATO sammitida TikTok'dan AQSHning muvaffaqiyatlari va “kommunizm qanchalik yomon ekani” haqida gapirish uchun foydalanishini aytgan.

Ma’lumot uchun, boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham Tramp katta auditoriyaga ega. Uning X tarmog‘ida 111,7 million, Instagram'da 44 million va Truth Social platformasida 12,9 million kuzatuvchisi bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp 2025 yilda kriptovalyutaga oid bizneslaridan 1 milliard AQSH dollaridan ortiq daromad olgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing