TikTok bolalar ma’lumotlarini yig‘gani uchun 400 mln dollar to‘laydi

Olam

image

TikTok AQSH hukumatiga bolalar shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish talablarini buzganlik haqidagi ishni yopish uchun 400 mln dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu holat bolalar maxfiyligi bilan bog‘liq AQSHdagi eng yirik kelishuvlardan biri bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Kelishuv AQSH Adliya vazirligi tomonidan 2024 yilda TikTok va uning bosh kompaniyasi ByteDance’ga qarshi berilgan da’vo bilan bog‘liq. Unda kompaniyalar 13 yoshdan kichik bo‘lgan millionlab foydalanuvchilarning “katta miqdordagi” ma’lumotlarini to‘plagani va bu orqali 2000 yilda qabul qilingan Bolalar onlayn maxfiyligini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun (COPPA) talablarini buzganlikda ayblangan.

Kelishuv shartlariga ko‘ra, TikTok va ByteDance AQSH Adliya vazirligiga darhol 300 mln dollar to‘laydi. Yana 100 mln dollar esa AQSH Federal Savdo komissiyasi bilan 2019 yilda tuzilgan kelishuv bekor qilingach to‘lanadi. Mazkur ish TikTok uchun ilk holat emas.

Kompaniyaning avvalgi nomi bo‘lgan Musical.ly 2019 yilda bolalar maxfiyligi bo‘yicha COPPA talablarini buzganlikda ayblanib, 5,7 mln dollar jarima to‘lagan. Shuningdek, kompaniyadan 13 yoshdan kichik foydalanuvchilar uchun ota-onalarning roziligini olish talab qilingan.

AQSH hukumati 2024 yilda sudga murojaat qilganida, TikTok’dan 170 milliondan ortiq o‘smir foydalanayotgani va platforma bolalarni jalb qilayotgani, biroq foydalanuvchilarning yoshini samarali aniqlash hamda voyaga yetmaganlar uchun ota-ona roziligini olish mexanizmlari yetarli emasligini bildirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, da’vo kiritilganidan buyon TikTok kompaniyaning egalik tuzilmasi, maxfiylik siyosati va yosh foydalanuvchilar uchun platforma nazoratlari borasida sezilarli o‘zgarishlarni amalga oshirgan.

Qayd etilishicha, kelishuv TikTok’ning Xitoydagi operatsiyalariga taalluqli. TikTok’ning AQSHdagi biznesi esa o‘tgan yili alohida tuzilmaga ajratilgan bo‘lib, hozir uning 81 foizi investorlar konsorsiumiga, 19 foizi esa ByteDance’ga tegishli.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-Meksiko shtati sudi Meta kompaniyasini o‘smirlarning ruhiy salomatligiga zarar yetkazganlikda aybdor deb topib, 567 million dollar miqdorida tovon puli to‘lash hamda Facebook va Instagram platformalarida voyaga yetmaganlar xavfsizligini kuchaytirish to‘g‘risida hukm chiqargani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing