Trampning yangi “biznesi” mojaroga sabab bo‘ldi
Olam
−
10:45 1155 2 daqiqa
Amerikaning The Intercept nashri va Freedom of the Press Foundation (FPF) notijorat tashkiloti AQSH Prezidenti Donald Tramp ustidan sudga da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda CNBC xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, da’vogarlar Trampning Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postlariga boshqalardan oldin kirish imkonini beruvchi pullik Truth API xizmatini to‘xtatishni talab qilmoqda.
Da’vo arizasida aytilishicha, Truth API xizmati AQSH Konstitutsiyasining birinchi va beshinchi tuzatishlarini buzadi. Chunki, ushbu xizmat obunachilarga Donald Tramp hamda boshqa yuqori martabali amaldorlarning ommaviy bayonotlari va postlarini oddiy foydalanuvchilardan oldin ko‘rish imkonini beradi.
Da’vogarlarning so‘zlariga ko‘ra, Tramp 2025 yil yanvar oyida Oq uyga qaytganidan buyon Truth Social’da 9 mingdan 11 mingtagacha post e’lon qilgan. Ayrim hollarda Trampning Truth Social’dagi postlari bo‘yicha Oq uy alohida rasmiy bayonot bermaydi.
“Boshqacha aytganda, Prezident Trampning postlari hukumatga oid rasmiy yangiliklarni olishning yagona usuliga aylanib qolmoqda”, deyiladi da’vo arizasida.
Truth Social’ning bosh kompaniyasi bo‘lgan Trump Media & Technology Group (TMTG) Truth API xizmatini joriy yilning iyul oyi oxirida ishga tushirgan. Xizmatga obuna narxi oyiga 100 ming dollargacha etib belgilangan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, obunachilar Tramp va uning yaqinlarining yangi postlarini oddiy foydalanuvchilardan bir necha millisoniya oldin ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Da’vogarlarning fikricha, bu imkoniyat, ayniqsa, moliyaviy bozorlarda faoliyat yurituvchi kompaniyalar uchun katta ustunlik yaratadi. Chunki Trampning ayrim bayonotlari fond bozorlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
TMTG bosh direktori vazifasini bajaruvchi Kevin MakGernning ma’lum qilishicha, Truth API xizmatiga allaqachon 10 dan ortiq mijoz obuna bo‘lgan. Ularning aksariyati fond va moliyaviy bozorlarda yuqori tezlikdagi savdo operatsiyalari bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalardir. Shuningdek, sun’iy intellekt sohasidagi boshqa potensial mijozlar bilan ham muzokaralar olib borilmoqda.
Da’vogarlar Truth API’ni “korrupsion va Konstitutsiyaga zid sxema” deb atagan. Ularning fikricha, prezidentning ommaviy bayonotlariga pul evaziga imtiyozli kirish huquqini sotish AQSH qonunchiligiga mos kelmaydi.
Mazkur holat Donald Trampning manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi bahslarni ham kuchaytirgan. Sababi Tramp Truth Social’ga egalik qiluvchi TMTG kompaniyasining eng yirik aksiyadori hisoblanadi. Shu bois tanqidchilar prezidentning rasmiy bayonotlari tijoriy mahsulotga aylantirilayotgani haqida xavotir bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Prezidenti Donald Tramp uchinchi muddatga AQSH Prezidenti lavozimiga nomzodini qo‘yishni xohlashini aytgandi, biroq mamlakat qonunlari bu borada juda qat’iy.
Live
Barchasi