AQSH Ukrainaga yangi yordam yuborishga “ishtahasi yo‘qligi”ni bildirdi
Olam
−
21 fevral
4880AQSH Kongressi mamlakatning Ukrainani moliyalashtirish bo‘yicha yangi qonun loyihasini yaratishdan manfaatdor emas. Bu haqda Respublikachilar palatasi spikeri Mayk Jonson ma’lum qildi.
“Biz mojaroga chek qo‘yishimiz kerak. Sizga shuni ayta olamanki, bizning Yevropadagi ittifoqchilarimiz ham buning zarurligini tushunadi. Bu juda uzoq vaqtdan beri davom etmoqda”, dedi Jonson.
Shu bilan birga, Oliy rada AQSH Ukraina sotib olgan qurollarni yetkazib berishni to‘xtatganini ma’lum qildi.
“Mening ma’lumotlarimga ko‘ra, sotuvga qo‘yilgan qurollar to‘xtagan. Ertaga bu qurollarni topshirishga tayyor bo‘lgan kompaniyalar hozir kutmoqda, chunki hech qanday qaror yo‘q”, dedi rada Mudofaa qo‘mitasi rahbari Roman Kostenko.
AQSHda Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolts Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish haqidagi savolga javob berar ekan, bu jarayonda “kechikishlar” borligini tasdiqladi.
“Ukrainaga yetkazib bergan qurollarimizning aksariyati zaxiralarni qisqartirish dasturining bir qismi bo‘lib, biz ularni tom ma’noda o‘z zaxiralarimizdan olib chiqdik va oxir-oqibat, mablag‘lar orqali zaxiralarimizni to‘ldirish uchun ularni qaytarib sotib olishni boshladik. Shuni ta’kidlab o‘tamanki, ko‘p hollarda bu jarayonda kechikishlar bo‘lgan. Butun dunyo bo‘ylab operatsiyalarimizga nazar tashlar ekanmiz, ko‘plab zaxiralarimiz tobora kamayib bormoqda”, dedi Uolts Oq uydagi matbuot anjumanida.
Oq uy matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, bu – mojaroning tugash vaqti haqidagi xavotirlarning sabablaridan biri. U, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp bor e’tiborini janglarni tugatishga qaratganini ta’kidladi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatning AQSH yordamisiz “omon qolish” imkoniyati juda past ekanligini ta’kidlagandi. Tramp inauguratsiyasidan so‘ng rasmiy Vashington qaysi dasturlarni moliyalashda davom etishini aniqlash uchun boshqa mamlakatlarga barcha insonparvarlik yordamlarini 90 kunga muzlatib qo‘ygandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Ukrainaga harbiy texnika sotib olish uchun taxminan 700 milliard yevrolik yordam paketini tayyorlayotgani xabar qilingandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yordam paketi YeIga a’zo davlatlar o‘rtasidagi qo‘shma qarz hisobidan moliyalashtirilishi mumkin, bu mexanizm koronavirus pandemiyasi davrida sinovdan o‘tgan.
LiveBarchasi