AQSH XJSga nisbatan sanksiyalarni kengaytirdi
Olam
−
21 avgust 2025 3253 1 daqiqa
AQSH Xalqaro jinoyat sudining (XJS) yana to‘rt nafar vakiliga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti va Moliya vazirligi bayonot berdi.
Qayd etilishicha, AQSHning Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan CDN ro‘yxatiga, ya’ni AQSH moliya tizimidan to‘liq uzib qo‘yilgan shaxslar ro‘yxatiga sudyalar –Kimberli Prost va Nikolya Giyu, shuningdek, XJS prokurorining o‘rinbosarlari Najot Shamim Xon va Mam Mandiay Niang kiritilgan.
AQSH Davlat departamentining ma’lum qilishicha, ular XJSning AQSH yoki Isroil fuqarolariga nisbatan “mazkur davlatlardan birortasining ham roziligisiz” olib borilgan tergov, hibsga olish, ushlab turish yoki sud jarayonlariga aloqador bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azo sektorida harbiy jinoyatlar sodir etgani uchun Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni hibsga olishga order bergan XJS bosh prokurori Karim Xon vaqtincha lavozimidan chetlatilgandi. U, shuningdek, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni ham hibsga olish uchun order chiqargan.
Shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning fevralida XJSga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi. U AQSH Prezidenti sifatidagi birinchi muddatida ham XJSga qarshi sanksiyalar kiritgan, chunki sud AQSHning Afg‘onistondagi ehtimoliy harbiy jinoyatlarini tekshirayotgan bo‘lgan. Keyinchalik esa bu choralarni Jo Bayden ma’muriyati bekor qilgan.
Live
Barchasi