AQSH Xorazmdagi pedofil amaldorlarga nisbatan sanksiyalar kiritdi

Olam

image

Bugun, 2 dekabr kuni Xalqaro qullikka barham berish kuni munosabati bilan AQSH Moliya vazirligi O‘zbekiston hukumatining sobiq uch nafar rasmiylarini Xorazmdagi mehribonlik uyida bolalarga nisbatan jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik qilish, odam savdosi va genderga asoslangan zo‘ravonlikda ishtirok etgani uchun global Magnitskiy qonuni sanksiyalari ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligi xabar berdi.

“Ushbu shaxslar – Yulduz Xudoyberganova, Anvar Kuryazov va Oybek Masharipov O‘zbekiston hukumati rasmiylari sifatida o‘z lavozimlariga egalik davrida bolalarni jismoniy zo‘rlash, jinsiy tajovuz qilish va odam savdosida ishtirok etgan. Xudoyberganova mehribonlik uyining direktori bo‘lgan, Masharipov Xorazm viloyatining Adliya boshqarmasi rahbari, Kuryazov esa tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi rahbari edi. Xudoyberganova kamida uch nafar qizni 10 oy davomida jinsiy aloqada bo‘lishga majbur qilgan va ularga harakatni amalga oshirish evaziga mablag‘ va mol-mulk bergan. Xudayberganova qizlarning talablarga rioya qilishini ta’minlash uchun turli xil majburlash taktikalarini qo‘llagan, jumladan jismoniy kaltaklash, tahdid, ochlik va tengdoshlaridan izolyatsiya. Masharipov ham, Kuryazov ham bolalar uyiga bergan “sovg‘alari” uchun kompensatsiya sifatida yetim bolalar bilan jinsiy aloqaga kirishni talab qilgan. Kuryazov va Masharipov yosh qizlarni o‘lja qilish uchun bolalar uyiga bir necha bor tashrif buyurgan”, deyiladi xabarda.  

Edilikda mazkur shaxslarning AQSHda joylashgan yoki AQSH fuqarolarining nazorati ostidagi barcha aktivlari va mulkiy manfaatlari muzlatiladi. Ularning ulushi 50 foiz yoki undan yuqori bo‘lgan har qanday kompaniyalari ham bloklanishi mumkin. Shuningdek, ularga AQSH Davlat departamenti tomonidan viza cheklovlari qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 3 noyabr kuni ushbu amaldorlarga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi sobiq rahbari Oybek Masharipov 3 yilga va Yangiariq tumani FVV sobiq boshlig‘i Anvar Quryazov 2 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. 

Keyinchalik, ular jazoni o‘tash uchun qamoqqa emas, manzilli koloniyaga yuborilgani ma’lum bo‘lgan edi. Bundan tashqari, ularning dastlabki suddan beri uylarida o‘tkazgan vaqtlari jazo muddatidan chegirib tashlangan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xorazm pedofil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing