AQSH Qirg‘izistonni qat’iy ogohlantirdi. Japarov bunga nima deydi?
Olam
−
09 avgust 2023
31623AQSH Senatining Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Robert Menendes Qirg‘izistonni Rossiyaga qarshi sanksiyalarga ehtiyotkorlik bilan rioya qilmayotganlikda aybladi. U Prezident Sadir Japarovga maktub yo‘llab, Moskvaga nisbatan cheklov choralariga yaxshiroq rioya qilishini so‘radi. Bu haqda “Kabar” agentligi xabar berdi.
“Sizga Qirg‘iziston Respublikasi hukumati Rossiya Federatsiyasiga xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berganlikda ayblanayotgani haqida chuqur tashvish bilan yozyapman”, deyiladi maktubda.
AQSH senatori Bishkek imkon qadar tezroq bu masala bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishi va Rossiyaga noqonuniy tovarlar oqimi mamlakat hududi orqali o‘tmasligini diqqat bilan kuzatishi kerakligini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, Menendes Qirg‘iziston hukumatini demokratik institutlarni zaiflashtirganlikda, jurnalistlar huquqlarini poymol qilishda va fuqarolik jamiyati vakillari faoliyatini cheklashda ayblagan. Senator o‘z murojaatida Bishkekning tezkor javobini kutayotganini aytgan.
Menendes xohlaganidek, Bishkekning javobi uzoq kutilgani yo‘q. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov AQSH senatorining maktubini Bishkekka bosim o‘tkazishga urinish, deb baholadi.
"Senatorning maktubiga kelsak, menga ko‘plab taniqli siyosatchilardan maktublar keladi. Men buni Qirg‘izistonga bosim o‘tkazish va bizni o‘z tarafiga tortish uchun oddiy bahona deb bilaman. Lekin biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz mustaqil davlatmiz. Biz bundan keyin ham barcha davlatlar bilan teng huquqli munosabatlarga ega bo‘lamiz, ko‘p vektorli tashqi siyosat olib boramiz”, deydi Japarov.
Shuningdek, Prezident Rossiya va Xitoy Qirg‘izistonning yordamiga muhtoj emasligini qo‘shimcha qilgan.
"Bu davlatlar shundoq ham qo‘shnimiz. Ular bilan 4000 kilometrlik umumiy chegara bor. Rossiya istasa, dengiz orqali yoki vagonda xohlagan yukini olib kelishi mumkin", degan Qirg‘iziston rahbari.
Shu bilan birga, Japarov Qirg‘iziston kompaniyasiga tegishli dron ko‘rinishidagi yuk Qozog‘istonda qo‘lga olinganini inkor etmagan. Uning aytishicha, kompaniya bu dronlar qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun mo‘ljallanganini tushuntirgan. Shunga qaramay, Bishkek hozirda dron va uchuvchisiz qurilmalar eksportini taqiqlagan.
Esalatib o‘tamiz, o‘tgan oyda AQSH Rossiyaning harbiy-sanoat sektoriga, ilm-fan, banklar va tog‘-kon sanoatiga qaratilgan yangi sanksiyalar paketini e’lon qilgan va bu galgi “qora ro‘yxat”ga 3 ta Qirg‘iziston korxonasi ham kiritilgandi.