AQSH Isroil vazirining Al-Aqsoga borishini qoraladi

Olam

image

AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning Al-Aqso masjidiga tashrifini sharhlar ekan, Qo‘shma Shtatlar Quddusdagi muqaddas joylarga nisbatan tarixiy status-kvoni saqlab qolish tarafdori ekanini bildirdi. 

Uning ta’kidlashicha, Quddusdagi muqaddas qadamjolarning tarixiy maqomiga putur yetkazadigan har qanday bir tomonlama harakatlar qabul qilinishi mumkin emas. 

Praysning qayd etishicha, Ben Gvir Al-Aqso hududiga, bu taranglikni kuchaytirishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlarga qaramay, kirib kelgan. 

"Biz keskinlikni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan har qanday bir tomonlama harakatlardan xavotirdamiz", deydi Prays brifingda. 

Davlat departamenti vakili vaziyatni keskinlashtirishga qarshi choralar ko‘rishga chaqirdi. 

Eslatib o‘tamiz, o‘zining provokatsion harakatlari bilan mashhur bo‘lgan Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir kecha, 3 yanvar kuni ertalab Islom muqaddas maskani – bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga kirdi. Ben Gvirga Isroil politsiyasi xodimlari hamrohlik qilib, Harami Sharifga (Ma’bad tog‘iga) bordilar. 

Milliy xavfsizlik vaziri Islomning uchinchi muhim ziyoratgohi hududiga kirib kelgan besh yil ichida Isroil Vazirlar Mahkamasining birinchi a’zosi bo‘ldi. 

Vazirning xatti-harakatlari musulmon dindorlarning e’tiroziga sabab bo‘lib, bosib olingan Falastin hududlarida keskinlikni oshirdi. 

Saudiya Arabistoni, Misr Arab Respublikasi, Qatar va Quvat, BAA va Turkiya Isroil Milliy xavfsizlik vazirining harakatlarini qoraladi.

Quddusdagi “Al-Aqso” masjidi musulmonlarning birinchi qiblasi hisoblanadi.

Mutaassib yahudiylar ziyoratgoh shoh Sulaymon maqbarasi vayronalari o‘rnida barpo etilgan deb, masjid hududiga tez-tez bostirib kiradi.

Isroil va Iordaniya o‘rtasida 1994 yilda tuzilgan kelishuvga binoan “Al-Aqso” masjidi Quddus Islom jamg‘armalari boshqarmasi tomonidan boshqariladi.

Biroq, 2003 yildan beri yahudiylar ma’muriyat ruxsatini e’tiborga olmay, Isroilning bir tomonlama qarori bilan politsiya hamrohligida ziyoratga bostirib kirishni boshladi. Islom jamg‘armalari boshqarmasi bunday harakatlar musulmonlar suverenitetining buzilishi ekanini ta’kidlaydi.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning may oyida Isroil-Falastin mojarosi keskinlashib, to‘qnashuvlar boshlangandi. 7 may kuni boshlanib, 11 kun davom etgan o‘zaro havo hujumlari natijasida G‘azo sektorida yashovchi 232 nafar arab halok bo‘lgan va 1900 ga yaqini jarohat olgan. Isroilda esa 12 nafar inson vafot etgan, yuzlab odamlar yaralangan.


Maqola muallifi

Teglar

Al-Aqso Itamar Ben-Gvir

Baholaganlar

1

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing