AQSH Falastinni tan olish tarafdorlari bosimiga qarshi tura olmaydi – Xoqon Fidan
Olam
−
24 may
6511Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan mustaqil Falastinni tan olishni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar soni ortib borayotgani va AQSH ularning BMTdagi bosimiga qarshi tura olmasligini aytdi. Bu haqda u Venesuela Tashqi ishlar vaziri Ivan Gil Pinto bilan uchrashuv va Turkiya-Venesuela hamkorlik qo‘shma komissiyasi yig‘ilishidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
"Hozir Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olgan mamlakatlar tan olmagan davlatlardan ko‘ra ko‘proq. Ammo shunga qaramay, BMT Xavfsizlik Kengashi Falastinni tan olmadi. Shu sababli u xalqaro huquqda o‘ziga tegishli va berilgan huquqlardan foydalana olmayapti. Bularning barchasi bir davlatning qarshiligi tufayli sodir bo‘lmoqda. 143 davlat Falastinning tan olinishini yoqlaydi. Va bu juda yaxshi, chunki bu masala BMT Xavfsizlik Kengashining kun tartibida bo‘ladi. U yerda AQSHga bosim o‘tkaziladi va ular bunga qarshilik ko‘rsata olmaydi. Xalqaro vijdon Falastin masalasi bilan shug‘ullanadi va gegemonlikka qarshi harakat qiladi", deydi u.
Fidan Ispaniya, Norvegiya va Irlandiyaning Falastinni davlat sifatida tan olish qarorini ijobiy deb atadi.
“Yaqinda uchta davlat bunga tayyor ekanliklarini bildirgani bizni juda quvontiradi. Turkiya xalqaro miqyosda Isroilga har xil diplomatik bosim o‘tkazish uchun sa’y-harakatlarini davom ettirmoqda. Va bu natija berayotganini ko‘ryapmiz. G‘azoda shafqatsizlik va genotsid to‘xtagani yo‘q, lekin Isroilga bosim davom etmoqda. Bu so‘nggi o‘n yilliklarda kuzatilmagan miqyosga yetdi”, deya qo‘shimcha qildi Fidan.
Shuningdek, Fidan Falastinni tan olish masalasidan tashqari yana bir muhim mavzu borligini ta’kidladi – bu Xalqaro sudda Isroilga qarshi JAR tashabbusi bilan boshlangan jarayon.
"Turkiya bu jarayonlarga qo‘shilish niyatini e’lon qilganidan so‘ng, ko‘plab davlatlar ham shunday qilish istagini bildirganidan mamnunmiz. Shu tariqa Isroilga qarshilik kuchayib bormoqda va u tobora siyosiy va huquqiy jihatdan yakkalanib qolmoqda", deydi vazir.
O‘z navbatida, Venesuela TIV rahbari uning mamlakati “Falastin teng huquqli davlat bo‘lish uchun xalqaro huquqlarga ega va u mustaqil va suveren davlat sifatida tan olinishi kerak”, deb hisoblashini ta’kidladi.
Uning aytishicha, Falastinni tan olish masalasi haligacha hal etilmagan, ammo muammo BMT darajasida hal etilishiga umid bor, chunki ko‘proq davlatlar va hukumatlar Falastinni tan olish tarafdori.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyi oxirlarida Yamayka, shu oyda esa Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya hukumatlari Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishini ma’lum qilgandi. O‘tgan oyda Amerika Qo‘shma Shtatlari BMT Xavfsizlik Kengashining Bosh Assambleyaga Falastin davlatini xalqaro tashkilotga to‘liq a’zo sifatida qabul qilishni tavsiya etuvchi rezolyutsiya loyihasiga veto qo‘ydi. Bu oyda BMT Bosh Assambleyasi Falastinning tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lish huquqini tan olish haqidagi rezolyutsiyani yoqlab 143 ta davlat ovoz berdi, 9 tasi (AQSH va Isroil bilan birga) qarshi chiqdi, 25 ta davlat esa betaraf qoldi.
LiveBarchasi
04 noyabr