Venesuela Maduroning raqibini tutib berganga 100 ming dollar va’da qildi
Olam
−
04 yanvar
3107Venesuela hukumati muxolifat yetakchilaridan biri Edmundo Gonsales Urrutiani hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 100 ming AQSH dollari miqdorida mukofot e’lon qildi. 2 yanvar kuni Venesuela politsiyasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida 2024 yilgi saylovlarda mamlakat rahbari Nikolas Maduro bilan raqobatlashgan muxolifatchi siyosatchining surati “Qidiruvda” yozuvi bilan paydo bo‘ldi.
"Bolivar respublikasining barcha aeroportlari va politsiya bo‘limlarida xuddi shunday yozuv bilan Gonsalesning portreti osib qo‘yilgan", deb xabar berdi AFP.
Avvalroq Gonsales Yevropadan Argentinaga uchib ketgandi. Argentina Prezidenti Xaver Mayli venesuelalik siyosatchini bugun, 4 yanvar kuni qabul qilishi kutilmoqda.
Gonsales Argentinada yashovchi vatandoshlarini Buyenos-Ayresning markaziy maydonida namoyishga chiqishga chaqirdi. 10 yanvarda esa Maduro inauguratsiyasi kuni muxolifatchi amaldagi davlat rahbari o‘rniga qasamyod qilmoqchi.
Qayd etish joiz, Venesuelada prezidentlik saylovlari 2024 yil 28 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Mamlakat hukumatiga sodiq saylov komissiyasi 51,2 foiz ovoz bilan mamlakatni 2013 yildan beri ikki muddat boshqarib kelayotgan Nikolas Maduroning g‘alabasini e’lon qildi. Xalqaro kuzatuvchilarga saylovga kirishga ruxsat berilmagan. Muxolifat AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan nomzod Edmundo Gonsales g‘alaba qozonganini e’lon qildi.
Butun mamlakat bo‘ylab bahsli saylov natijalariga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishlar chog‘ida 28 kishi halok bo‘ldi, 200 ga yaqin kishi yaralandi, ikki mingdan ortiq namoyishchi hibsga olindi.
Sentyabr oyi boshida Venesuelada muxolifatdan eng yuqori hukumat lavozimiga nomzodni hokimiyatni tortib olish, isyonga undash, fitna va qo‘poruvchilik ayblari bilan hibsga olish orderi chiqarilgani ma’lum bo‘ldi. Bir necha kundan keyin Gonsales Ispaniyaga uchib ketdi va u yerdan siyosiy boshpana so‘radi.
Yevropa Ittifoqi ovoz berishning rasmiy natijalarini ishonchli deb tan olishdan bosh tortdi va Venesuelada muxolifatni ta’qib qilishni to‘xtatishga chaqirdi. Oktyabr oyi oxirida Yevropa Ittifoqi Venesuela muxolifati yetakchilari – Mariya Korina Machado va uning ittifoqchisi Edmundo Gonsalesga “Fikr erkinligi uchun” mukofotini topshirdi. Bir oy o‘tgach, Qo‘shma Shtatlar Gonsalesni Janubiy Amerika mamlakatining saylangan prezidenti sifatida tan oldi.
LiveBarchasi