Tramp Venesuela rahbari bilan saylovlar haqida gaplashdi

Olam

−

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp shu hafta Venesuela muvaqqat prezidenti Delsi Rodriges bilan saylovlar masalasida suhbatlashganini ma’lum qildi. Bu haqda Tramp bugun, 26 sentyabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.

Qayd etilishicha, undan Rodriges bilan saylovlar haqida gaplashgani so‘ralganda, “Ha. Men saylovlar haqida gaplashdim”, deb javob bergan.

Rodriges joriy yil 22 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi doirasida Tramp bilan qisqa uchrashgan edi. Bu uning AQSH harbiylari yanvar oyida Venesuelaning sobiq prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olganidan keyin AQSHga birinchi tashrifi bo‘lgan.

AQSH davlat kotibi Marko Rubio shu hafta Tramp va Rodriges Venesuelaning milliardlab dollarlik davlat qarzini qayta tuzish masalasini muhokama qilganini aytgan. Rubioning so‘zlariga ko‘ra, Vashington shuningdek, Venesuelada siyosiy o‘zgarishlar bo‘lishini talab qilgan.

Bundan tashqari, Rodriges 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida Venesuelada “to‘liq demokratiya”ga o‘tish jarayoni doirasida saylovlar o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Biroq u saylovlarning aniq sanasini aytmagan.

“Men buni Bosh Assambleyada juda aniq aytib qo‘ymoqchiman: Venesuelada saylovlar bo‘ladi” degan Rodriges.

Uning aytishicha, hukumat muxolifat bilan muzokaralarni boshlagan va barcha siyosiy kuchlarning saylovlarda ishtirok etishini kafolatlaydi. Shuningdek, milliy institutlar saylov jarayoniga tayyorlanayotganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Tramp joriy yilning 28 avgust kuni AQSH Venesuelaning 65 mlrd barreldan ortiq tasdiqlangan neft zaxiralaridan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritgani to‘g‘risidagi bitimni e’lon qilgan edi. Keyinchalik Oq uy bitim tafsilotlarini ochiqladi: Amerikaning “North American Blue Energy Partners” (NABEP) kompaniyasiga 17 ta konni 100 yil muddatga o‘zlashtirish huquqi berilgan. Bunda AQSH hukumati NABEP’da 35 foizlik ulushga va uning rahbariyatini shakllantirishda veto huquqiga ega bo‘lgan, rahbariyatning ko‘pchiligini esa AQSH fuqarolari tashkil etishi kerak. Bundan tashqari, Davlat departamenti kompaniya tomonidan qazib olinadigan neftning 20 foizini tannarxi bo‘yicha sotib olishi mumkin bo‘ladi, shuningdek, qolgan hajmni sotib olishda ham imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing