Tramp Madurodan so‘ng ilk bor Venesuela muvaqqat rahbari bilan uchrashadi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela muvaqqat prezidenti Delsi Rodriges bilan Nikolya Maduro hibsga olinganidan keyin birinchi marta uchrashadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Uchrashuv bugun, 23 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida Tramp mezbonlik qilayotgan qabul marosimida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 19:40 da boshlanishi kutilmoqda.

Rodrigesning AQSHga ushbu tashrifi u joriy yil yanvar oyida Venesuela muvaqqat prezidenti lavozimiga kelganidan keyin mamlakatga birinchi bor kelishi hisoblanadi. U ertaga, 24 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlashi kutilmoqda.

Oq uyning ma’lum qilishicha, uchrashuvda Tramp bilan birga AQSH davlat kotibi Marko Rubio, Moliya vaziri Skott Bessent, Oq uy ma’muriyati rahbari Syuzi Uayls hamda Prezident yordamchisi va siyosat bo‘yicha bosh maslahatchi o‘rinbosari Stiven Miller ishtirok etadi.

Rodriges Maduroning sobiq vitse-prezidenti bo‘lgan. Tramp u bilan ishchi munosabatlar o‘rnatgan. Biroq tanqidchilar Vashington Venesuela muxolifati, jumladan Mariya Korina Machado boshchiligidagi kuchlarni chetga surib, muvaqqat hukumat bilan neft va investitsiya kelishuvlarini ustuvor qo‘yayotganini ta’kidlamoqda.

23 sentyabr kuni Nyu-Yorkda 50 dan ortiq venesuelalik Rodrigesning tashrifiga qarshi namoyish o‘tkazgan. Ular Venesuelada erkin saylovlar o‘tkazilishini talab qilgan.

Tramp BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqida Maduroni “qonunbuzar diktator” deb atadi. U Maduro qo‘lga olinganidan keyin Venesuelada yuzlab siyosiy mahbuslar ozod qilinganini aytdi va AQSHning yanvar oyidagi operatsiyasini G‘arbiy yarimsharda o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun tengsiz harbiy qudratdan foydalanishga tayyorligining dalili sifatida ko‘rsatgan.

Trampning aytishicha, uning ma’muriyati o‘tgan oyda Karakas bilan imzolagan neft kelishuvi “ehtimol, hech qachon tuzilgan eng yirik kelishuv” bo‘lgan. AQSH Prezidenti Venesuela neft sanoatiga 100 milliard dollar investitsiya kiritilishini istashini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Rodriges Nyu-Yorkka 21 sentyabr kuni Venesuela delegatsiyasi bilan borgan. Delegatsiya AQSH rasmiylari, xalqaro moliya tashkilotlari va kompaniyalar bilan energetika, tog‘-kon sanoati va Venesuela qarzlarini qayta tuzish masalalarini muhokama qilmoqda.

Venesuela Inter-Amerika taraqqiyot bankidan 2,5 milliard dollarlik kredit olishga harakat qilmoqda. Biroq bank direktorlar kengashining ayrim a’zolari bu masalaga qarshilik bildirmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing