AQSH neftdan so‘ng Venesuelaning oltiniga ham “ko‘z olaytiryapti”
Olam
−
13:47 507 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Venesuelaning mineral resurslarini, shuningdek oltin konlarini o‘z nazoratiga olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor uchta manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu Amerika kompaniyalairga nafaqat neft, balki Vashington milliy xavfsizlik uchun muhim deb hisoblaydigan foydali qazilmalar zaxiralaridan ham foydalanish imkonini beradi. Oq uy mulozimlari tegishli investitsiyalarga bo‘lgan qiziqishni baholash uchun biznes vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib bo‘lgan.
AQSHning Venesuela konchilik sohasidagi ishtirokini kengaytirish variantlari orasida o‘ta muhim minerallar to‘g‘risidagi farmon ko‘rib chiqilmoqda. Manbalarning xabar berishicha, hujjat tayyorlanmoqda, biroq Vashingtonning yondashuvi hali o‘zgarishi mumkin. Oq uy vakili Teylor Rojersning aytishicha, ikkala mamlakat ham “qayta tiklangan hamkorlikdan” va “G‘arb kompaniyalarining Venesuelaning asosiy tarmoqlariga kiritayotgan yangi investitsiyalaridan manfaatdor”. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda maxsus farmonga ehtiyoj yo‘q. Amaldagi qonunlarning o‘zi yetarli.
“Reuters”ning yozishicha, ushbu reja Trampning Lotin Amerikasida AQSH ta’sirini kuchaytirish va mintaqada Xitoyning ortib borayotgan iqtisodiy ishtirokiga qarshi turish bo‘yicha kengroq strategiyasining bir qismi. Vashington bu yo‘nalishdagi ilk qadamni mart oyidayoq tashlagan. Moliya vazirligi Venesuela oltini bilan bog‘liq bir qator operatsiyalarga, jumladan “Minerven” davlat oltin qazib olish kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlik qilishga ruxsat bergan. Keyinchalik bu ruxsat respublikaning boshqa foydali qazilmalariga, shuningdek, qazib olish bilan bog‘liq ayrim xizmatlarga va potensial investitsiya shartnomalari bo‘yicha muzokaralarga ham tatbiq etilgan.
Venesuela hukumatining 2018 yilgi baholashiga ko‘ra, mamlakat resurslari 644 tonna oltin, 14,68 mlrd tonna temir rudasi, 321,5 mln tonna boksit va deyarli 408 ming tonna nikelni o‘z ichiga oladi. Biroq foydali qazilmalarning amaldagi hajmini baholash murakkab: geologik ma’lumotlarning salmoqli qismi eskirgan, Orinoko konchilik kamaridagi alohida oltin konlarini esa noqonuniy qurolli guruhlar nazorat qiladi. Mavjud baholarga ko‘ra, mamlakatda ilg‘or texnologiyalarda qo‘llaniladigan kamyob yer metallarining katta zaxiralari mavjud emas.
Eslatib o‘tamiz, Tramp joriy yilning 28 avgust kuni AQSH Venesuelaning 65 mlrd barreldan ortiq tasdiqlangan neft zaxiralaridan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritgani to‘g‘risidagi bitimni e’lon qilgan edi. Keyinchalik Oq uy bitim tafsilotlarini ochiqladi: Amerikaning “North American Blue Energy Partners” (NABEP) kompaniyasiga 17 ta konni 100 yil muddatga o‘zlashtirish huquqi berilgan. Bunda AQSH hukumati NABEP’da 35 foizlik ulushga va uning rahbariyatini shakllantirishda veto huquqiga ega bo‘lgan, rahbariyatning ko‘pchiligini esa AQSH fuqarolari tashkil etishi kerak. Bundan tashqari, Davlat departamenti kompaniya tomonidan qazib olinadigan neftning 20 foizini tannarxi bo‘yicha sotib olishi mumkin bo‘ladi, shuningdek, qolgan hajmni sotib olishda ham imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.