AQSH Eronga sanksiyalarni yumshatish evaziga ruslarga dron berishni to‘xtatishni taklif qildi – FT
Olam
−
17 avgust 2023
4262AQSH Eronga sanksiyalarni yumshatish evaziga Rossiyaga uchuvchisiz samolyotlar va ehtiyot qismlar yetkazib berishdan bosh tortishni taklif qildi. Bu haqda “Financial Times” o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Qatar va Ummondagi bilvosita muzokaralar chog‘ida dronlarni yetkazib berish masalasi ko‘tarilgan.
“Bunga parallel ravishda, AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Eron bilan yadroviy kelishuvni tiklashga intilayotgan bir paytda, tomonlar mahbuslarni almashish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, buning evaziga Vashington Eronga qarshi yangi sanksiyalar, shuningdek, mamlakat neftiga qarshi jazo choralarini qat’iy ravishda qo‘llamaslikka va’da bergan.
Shu bilan birga, Eron uchuvchisiz samolyotlar masalasini hal qilishdan tashqari, uranni 60 foizdan yuqori boyitishdan voz kechishi, Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan hamkorlikni yaxshilashi va amerikaliklarga hujum qilmaslik majburiyatini olishi kerak.
Nashr bilan suhbatlashgan eronlik mulozimning aytishicha, Tehron Vashingtonga Yevropa davlatlarini ham mamlakatga nisbatan sanksiyalar bosimini yumshatishga ko‘ndira olishiga umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Tehron va Vashington “5 ga 5” formatida mahbuslarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishgandi.
LiveBarchasi