AQSH Eronga aloqador guruhlarga zarba berdi
Olam
−
26 dekabr 2023
6580AQSH qurolli kuchlari Eronga aloqador deb ko‘riladigan Iroqdagi “Kataib Hizbulloh” guruhining uchta nishoniga zarba berdi. Bu haqda AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar Iroq va Suriyadagi AQSH qo‘shinlariga, jumladan, “Kataib Hizbulloh”ning Erbildagi aviabazaga hujumi uchun javob bo‘lgan.
Bayonotga ko‘ra, Erbildagi hujumda 3 nafar Amerika askari yaralangandi. Ulardan biri og‘ir ahvolda.
Kecha, 25 dekabr kuni Iroq shimolidagi ISHIDga qarshi kurash maqsadida mintaqaga joylashtirilgan AQSH va koalitsiya kuchlari tomonidan foydalanilgan harbiy bazaga uchuvchisiz uchoq yordamida hujum qilingan.
AQSHning Iroqda 2500 ga yaqin, Suriyada esa 900 ga yaqin askarlari bor. Xalqaro koalitsiya 2014 yildan beri ISHIDga qarshi kurashib keladi. Isroil va HAMAS o‘rtasida urush boshlanganidan beri mintaqadagi Amerika kuchlariga hujumlar soni ortgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Suriyadagi Eron Inqilobiy Gvardiyasi qo‘mondonlaridan biri Rozi Musaviy Damashq yaqinida Isroil harbiy amaliyoti oqibatida halok bo‘ldi.
LiveBarchasi