AQSH Erondan uzoqlashishi evaziga Suriyadan sanksiyalarni olib tashlamoqchi

Olam

image

AQSH va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Suriya va uning Prezidenti Bashar Asadga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlash imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

“BAA va AQSH Bashar Asadga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Buning asosiy sharti – Asadning Erondan uzoqlashishi va Livandagi “Hizbulloh” harakatiga qurol yetkazib berishni to‘xtatishi”, deyiladi xabarda.

Nashrga ko‘ra, BAA uzoq vaqtdan beri Suriya bilan aloqalarni yaxshilashni xohlaydi, biroq AQSH sanksiyalari bunga to‘sqinlik qilmoqda. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, arab davlatlari bir necha oydan beri Asadni Erondan uzoqlashishga undab kelmoqda va buning evaziga moliyaviy rag‘batlantirish taklif qilmoqda.

“Oq uy ushbu tashabbusni Amirliklar bilan muhokama qilishga qaror qilgan, chunki Isroilning “Hizbulloh”ga qarshi harbiy operatsiyasidan so‘ng Asadning pozitsiyasi zaiflashgan. Shu bilan birga, BAA Suriya infratuzilmasini tiklash uchun moliyaviy yordam ko‘rsatishga qiziqish bildirmoqda”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, AQSH Suriya hukumati va Bashar Asad rejimiga qarshi bir qator sanksiyalarni qo‘llab kelmoqda. Bu sanksiyalar, asosan, Suriya fuqarolar urushi davomida inson huquqlari buzilishi, tinch aholi o‘limi va kimyoviy qurollardan foydalanish kabi holatlar sababli joriy etilgan.

Qayd etish joiz, o‘tgan haftada hukumatga qarshi qurolli guruhlar Suriyaning Idlib va Halab provinsiyalarida hujumlar boshlagandi. Terrorchilar bir qator aholi punktlarini tezda nazoratga olishga erishgan. Xususan, ular Halab shahrining muhim qismini, jumladan, markaziy tumanlarni nazorat qilayotgani aytilmoqda. Bundan tashqari, shahar aeroporti ham yopilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron tomoni tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Suriyadagi keskinlikni muhokama qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Suriya Eron sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing