AQSH Eron harbiylariga zarba berishi mumkin – “Politico”
Olam
−
30 yanvar
5596Amerika Prezidenti Jo Bayden Suriya-Iordaniya chegarasida AQSH kuchlariga qilingan hujumga qarshi javob choralarini ishlab chiqishni buyurdi, ehtimoliy takliflar qatorida Iroq va Suriyadagi Eron harbiy xizmatchilariga hujum ham ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Politico” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari AQSHdan boshqa hujumlarni qat’iy tarzda to‘sish va shu bilan birga Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashuviga olib kelmaslik imkonini beradigan javob choralarining bir nechta variantini taqdim etishni talab qilgan. Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Pentagon javob choralari sifatida Suriya yoki Iroqdagi Eron harbiy xizmatchilariga, shuningdek, Eronning Fors ko‘rfazidagi harbiy-dengiz kuchlari ob’ektlariga zarba berishni ko‘rib chiqmoqda.
Ta’kidlanishicha, Amerika rahbari ma’qullaganidan so‘ng, bir necha kun ichida javob choralari ko‘riladi, zarbalar bir nechta nishonlarga "to‘lqin shaklida" beriladi. Manbalarning aytishicha, Bayden yakuniy qaror qabul qilinmaguncha amaliyot boshlanmaydi. AQSHning javob choralari Yaqin Sharqdagi vaziyatni ham yanada keskinlashtirishi mumkin.
Kecha, 29 yanvar kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Vashingtonning mintaqadagi o‘z qo‘shinlari va manfaatlariga qilingan hujumlarga javobi ko‘p bosqichli bo‘lishi va bu vaqt talab qilishi mumkinligini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, 27 yanvar kuni Suriya-Iordaniya chegarasidagi al-Tanf hududidagi G‘arb koalitsiyasining harbiy bazasiga uchuvchisiz samolyot hujumi oqibatida 3 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan, 40 nafari yaralangandi. G‘azo sektorida Falastin-Isroil mojarosi avj olgandan beri Suriya va Iroqdagi Amerika harbiy bazalariga raketa va uchuvchisiz uchoqlardan foydalangan holda hujumlar tez-tez uchramoqda. Eronga aloqador deb ko‘riladigan guruhlar AQSH Isroil armiyasiga harbiy yordam berishda davom etar ekan, Suriya va Iroqdagi qurolli amaliyotlar sonini oshirishlari haqida ogohlantirgan.
LiveBarchasi