AQSH, Buyuk Britaniya va Estoniya Donbass delegatsiyasi bilan uchrashuvni boykot qildi
Olam
−
03 dekabr 2020
4133AQSH, Buyuk Britaniya va Estoniya Rossiyaning tashabbusi bilan boshlangan BMT Xavfsizlik Kengashidagi Donbass delegatsiyasi bilan uchrashuvni Ukraina janubi-sharqidagi mojaro haqiqatlarini buzishga urinish deb hisoblaydi. Shu sababli ushbu davlatlar uchrashuvni boykot qilgan. Bu haqda AQSHning BMTdagi doimiy vakolatxonasi saytida e’lon qilingan uch davlatning qo‘shma bayonotida keltiriladi.
“Ushbu uchrashuv Sharqiy Ukrainadagi mojaroga oid yolg‘on va chalg‘ituvchi voqealarni taqdim etishga urinish ekanligi aniq edi. Biz Rossiya ichki mojaroda vositachi sifatida harakat qilmoqda degan taxminni qat’iyan rad etamiz”, deyiladi bayonotda.
AQSH, Buyuk Britaniya va Estoniya tomonlari Minsk kelishuvlariga rioya qilish zarurligini yana bir bor tasdiqlashlarini, shuningdek, mojaroni Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini to‘liq hurmat qilgan holda, tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanliklarini ta’kidladi.
“Biz Ukraina hukumati tomonidan mojaroni hal qilishda olg‘a siljish uchun qilingan qadamlarni mamnuniyat bilan qabul qilamiz va Rossiyani xuddi shunday yo‘l tutishga undaymiz”, deya qo‘shimcha qilingan bayonotda.
Ma’lumot uchun, kecha, 2 dekabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashida Minsk kelishuvlarini amalga oshirishga bag‘ishlangan norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zini o‘zi mustaqil, deb e’lon qilgan Lugansk Xalq Respublikasining Donbass aloqa guruhidagi vakolatli vakili Vladislav Deynogo hamda aloqa guruhidagi Donetsk Xalq Respublikasining vakili, shuningdek, Respublika Tashqi ishlar vaziri Natalya Nikonorova ishtirok etdi.
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya ushbu tadbirda Ukraina Hukumati vakilining ma’ruzachi sifatida ishtirok etishi uchun Ukrainaning BMTdagi doimiy vakiliga yordam so‘rab, xat yuborganini aytdi, ammo javob bo‘lmagan.
LiveBarchasi