AQSH Afrika malakatlariga bosim qilyapti – Kreml 

Olam

image

Joriy yilning 27-28 iyul kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ikkinchi Rossiya-Afrika sammiti va iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tadi. Biroq sammitga oz qolganda unda ishtirok etuvchi davlatlar soni qisqardi. Rossiya bunda AQSH va uning hamkorlarining qo‘li borligini da’vo qilmoqda. Bu haqda bugun, 26 iyul kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov so‘z ochdi.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari hamkor davlatlar bilan birga Afrika mamlakatlariga ko‘rsatayotgan bosim Sankt-Peterburgdagi sammitning muvaffaqiyatiga to‘sqinlik qilmaydi”, degan Peskov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH, Fransiya va boshqa davlatlar Afrika mamlakatlari rahbariyatiga bosim o‘tkazishga, ularning forumda faol ishtirok etishiga to‘sqinlik qilishga urinmoqda. 

"Bu mutlaqo g‘alati bo‘lsa ham haqiqat. Ammo bu sammit muvaffaqiyatiga hech qanday to‘sqinlik qilmaydi", deydi Kreml voizi.

Shuningdek, Peskov rasmiy Moskva Afrika mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlarining tashrifidan mamnun ekanini ta’kidlagan. Uning aytishicha, Rossiya tomoni sammit voqealarga boy va samarali bo‘lishini kutmoqda.

Mamlakat Prezidenti Vladimir Putin esa Rossiya-Afrika iqtisodiy-gumanitar forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘llab, uning mamlakati to‘laqonli hamkor sifatida Afrika davlatlariga o‘z iqtisodiyoti, suvereniteti va ijtimoiy barqarorligini mustahkamlashda yordam berishda davom etishini aytgan. 

“Biz hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo, sarmoyani rag‘batlantirish, hamkorlikni chuqurlashtirish, qashshoqlikka qarshi kurashish, zamonaviy kadrlar tayyorlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishi kabi dolzarb masalalarda birgalikda ishlash niyatidamiz. Biz afrikalik hamkorlarga milliy va madaniy suverenitetni mustahkamlash, mintaqaviy va global muammolarni hal qilishda yanada faol ishtirok etishda har tomonlama yordam berishda davom etamiz”, deyilgan Kreml saytida e’lon qilingan tabrikda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Vladimir Putin “Rossiya va Afrika: tinchlik, taraqqiyot va muvaffaqiyatli kelajak uchun kuchlarni birlashtirish” maqolasini e’lon qilgan va unda Rossiya Afrika uchun Ukraina doni o‘rnini to‘ldira olishiga ishontirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Kreml' Peskov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing