AQSH Afg‘onistonni qo‘shnilari uchun “qaynoq” hududga aylantirmoqda – eronlik diplomat
Olam
−
10 avgust 2023 13859 2 daqiqa
Eronning Qobuldagi elchisi Hasan Kozimiy Qo‘miy Afg‘onistondagi beqarorlikning davom etishi AQSH uchun muhim ekanini aytib, Vashington bu mamlakatni qo‘shnilari uchun “qaynoq” hududga aylantirishga harakat qilayotganini da’vo qildi. Uning so‘zlarini IRNA agentligi keltirmoqda.
Elchiga ko‘ra, Afg‘oniston bilan bog‘liq har bir o‘zgarishlar Eron va Pokiston davlatlarining ham xavfsizligiga ta’sir qiladi.
“Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritgach, Eronga kirgan afg‘on muhojirlari soni keskin oshgan, shuning uchun Eron kabi hech bir davlat bu hodisadan bunchalik ta’sir ko‘rmagan”, deydi Kozimiy.
Shuningdek, u Pokistonni Afg‘onistondagi voqealardan ko‘p ta’sirlangan ikkinchi davlat deb hisoblashini aytgan.
Xavfsizlik masalalariga to‘xtalib o‘tgan Kozimiy dushmanlar Eron va Afg‘oniston o‘rtasidagi uzoq chegaradan narkotik moddalar savdosi va terrorizm kabi jinoyatlarni sodir etishda foydalanib, xavfsizlikni ta’minlashga intilayotganini urg‘ulagan.
Ayni paytda Afg‘oniston turli muammolar, jumladan, terrorizm va uni tark etgan bosqinchilarning fitnasidan aziyat chekayotganini ta’kidlagan Eron elchisi AQSH Afg‘onistondagi ISHID terrorchilari mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lganidan so‘ng ularni o‘z kuchlari bilan almashtirganini ham aytib o‘tgan.
“Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonda o‘z kuchlari bo‘lgan davrda o‘qigan maxsus kuchlarini ham o‘tkazishga intilmoqda. Shuningdek, amerikaliklar xalqaro keskinlikni yuzaga keltirish orqali Afg‘onistonning boshqa davlatlar bilan o‘zaro munosabatlariga to‘sqinlik qilmoqchi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Uning da’vo qilishicha, AQSH Afg‘onistonning bir necha rasmiylarini qora ro‘yxatga kiritib, mamlakatning muzlatilgan mablag‘laridan bosim vositasi sifatida foydalanmoqda.
“AQSH Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatilishini istamaydi, chunki barqaror Afg‘oniston amerikaliklar jiddiy raqobatda bo‘lgan Xitoy kabi turli mamlakatlar sarmoyasini jalb qilishidan qo‘rqadi”, deydi u.
Live
Barchasi