AQSH 2025 yilda Markaziy Osiyoga yordamni 10 foizga qisqartirishi mumkin
Olam
−
27 iyul
4320Qo‘shma Shtatlar mintaqa bilan aloqalarni rivojlantirish niyatini e’lon qilganiga qaramay, 2025 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlariga yordam mablag‘larini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Buni Davlat departamenti tarkibiga kiruvchi Xalqaro hamkorlik agentligi (USAID) rahbarining Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Anjali Kaur ham tasdiqladi.
Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo‘mitasida tinglash uchun tayyorlangan bayonot matniga ko‘ra, AQSH ma’muriyatining 2025 moliya yili uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga byudjet so‘rovi 18,9 million dollarni tashkil etadi. Ya’ni, bu 2023 moliya yilida ajratilganidan 10 foizga kamroq summadir.
Shu bilan birga, USAID vakili Kaurning ta’kidlashicha, Afg‘oniston va Pokistonni hisobga olmaganda, AQSH hukumati 2025 moliya yilida Janubiy Osiyo uchun 480,2 million dollar talab qilmoqda. Bu o‘tgan moliya yilida federal byudjetdan ajratilganidan 18,2 million dollar (4 foiz) ko‘pdir.
Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu esa o‘sha tinglovda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Osiyoda birinchi raqamli ustuvor yo‘nalishi Hind va Tinch okeani mintaqalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ekanligini ta’kidlagan.
“Bizning ikkinchi raqamli ustuvor vazifamiz o‘tgan yili Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan sammitda Prezident Jo Bayden va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikka asoslanishdir”, degan Lu.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentga kelgan AQSH Xalqaro hamkorlik agentligi (USAID) rahbari Samanta Pauer O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va xususiy sektorni mustahkamlash uchun 14,2 million dollar ajratilishini e’lon qilgandi.
LiveBarchasi