AQSH 2001 yildagi teraktlar tufayli qancha zarar ko‘rdi?
Olam
−
11 Sentabr 2021
6829Bugun, 11 sentyabr kuni AQSHda insoniyat tarixidagi eng dahshatli teraktlar sodir bo‘lganiga 20 yil to‘ldi. Dunyoga mashhur “The New York Times” nashri mazkur fojia AQSHga qancha zarar keltirganini hisobladi.
Nashr o‘ndan ortiq rasmiy va mustaqil manbalardan ma’lumotlarni yig‘ib, 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan kelib chiqqan zararni 3,3 trillion dollarga (2011 yilgi dollar narxiga ko‘ra) baholagan.
Jismoniy shikastlanish va qurbonlar
Tor ma’noda 11 sentyabr xurujlari natijasida yetkazilgan zarar 55 milliard dollarga baholangan: bu vayron bo‘lgan va zarar yetgan binolarni, talafot ko‘rgan uskunalar va boshqa mulklarni tiklash xarajatlarini o‘z ichiga olgan. Hisobot, shuningdek halok bo‘lgan insonlar hayotining “qiymati”ni ham o‘z ichiga olgan — 24 milliard dollar. Hujumlarda jami 2977 tinch fuqaro halok bo‘lgan.
Biznesdagi yo‘qotishlar
Navbatdagi yo‘qotishlar biznes bilan bog‘liq (40-123 milliard dollar). Bu yo‘qotishlar vayron bo‘lgan Jahon savdo markazidan kompaniyalarni boshqa ofislarga ko‘chirish xarajatlari va ularning ishi kasod bo‘lishi oqibatidagi zararlar (22 milliard dollar) va 2003 yilgacha kuzatilgan havo qatnovining umumiy kamayishini o‘z ichiga olgan (39 milliard dollar).
Bilvosita va yashirin yo‘qotishlar
11 sentyabr teraktlarining iqtisodiy ta’sirini bilvosita baholashda, nashr AQSHning 2011 yilgi ichki xavfsizlik va razvedka faoliyatini kuchaytirish uchun yangi teraktlarning oldini olish maqsadida qo‘shimcha 470 milliard dollarlik xarajatlarini ham hisobga kiritgan. 2021 yilga kelib, bu miqdor ko‘payishi kerak, chunki 2001 yildagi teraktlardan keyin ko‘plab xavfsizlik choralari va standartlari doimiy ravishda o‘zgarib turgan. Shunday qilib, 2001 yil noyabr oyida aeroportlar va samolyotlar xavfsizligi uchun javobgar bo‘lgan AQSH Transport xavfsizligi agentligi tuzilgan. Agentlikning 2020 moliya yili uchun byudjeti taxminan 7,7 milliard dollarni tashkil etgan. 11 sentyabr teraktlarining “yashirin” oqibatlari orasida aviatsiya xavfsizligi choralari kuchaytirilishi tufayli aeroportlarda kutish vaqtining ko‘payishi yiliga taxminan 10 milliard dollarga baholangan. Shuningdek, hujumlardan so‘ng ba’zi odamlar samolyotdan ko‘ra mashinani afzal ko‘ra boshlagan. Kornell universiteti iqtisodchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, hujumlardan keyingi ikki yil ichida AQSHda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarida yana 2300 kishi halok bo‘lgan, bu esa 19 milliard dollarlik iqtisodiy yo‘qotishdir.
AQSHga 8 trln dollarga tushgan Afg‘oniston va Iroqdagi harbiy kampaniyalar xarajatini ham yo‘qotishlar qatoriga qo‘shish yoki qo‘shmaslik asosiy masala hisoblanadi. Agar bu summalar ham zarar deb hisoblansa, yo‘qotishlar karrasiga oshadi.
“Terrorizmga qarshi urush”ning narxi
2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlar Amerikaning mudofaa va xavfsizlik siyosatini qaytarib bo‘lmaydigan darajada o‘zgartirdi: Qo‘shma Shtatlar global miqyosda terrorga qarshi urush boshladi, bu keng ma’noda nafaqat Afg‘onistondagi urushni, balki Iroqdagi kampaniyani, shuningdek Pokiston, Yaman, Somalidagi yashirin maxsus operatsiyalarni ham qamrab oldi. Faqat 2013 yilda AQSH Prezidenti Barak Obama kichik Bushdan meros qolgan terrorga qarshi urush tugaganini ritorik tarzda e’lon qildi.
Braun universiteti qoshidagi Uotson xalqaro va jamoatchilik bilan aloqalar institutining Costs of War loyihasi AQSHning 2001 yil 11 sentyabrdan 2022 yilgacha moliyaviy operatsiyalari umumiy xarajatlarini 5,8 trillion dollarga baholaydi. Bu miqdor Afg‘oniston va Iroqdagi urush qatnashchilari uchun 465 milliard dollarlik tibbiy va ijtimoiy ta’minotni o‘z ichiga oladi.
Amerika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-2050 moliya yillarida faxriylarga g‘amxo‘rlik qilishning taxminiy xarajatlari (taxminan 2,2 trillion dollar) hisobga olinsa, Amerika urushlarining umumiy qiymati 8 trillion dollarga ko‘tariladi. Shuningdek, uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘oniston, Iroq va boshqa “qaynoq” nuqtalarda 15 mingdan ortiq amerikalik harbiy va tinch aholi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden Adliya vazirligiga 2001 yil 11 sentyabrdagi terakt bo‘yicha surishtiruvlarga doir maxfiy ma’lumotlarni ochiqlashni buyurgandi.
Shundan so‘ng, Nyu-York shahrida joylashgan Jahon savdo markaziga qilingan hujumning yana ikki qurboni aniqlangandi.
Teraktda qurbon bo‘lganlarning oilalariga 20 yil davomida 8 milliard dollardan ortiq pul to‘langani va XXI asrning eng mudhish qirg‘ini sifatida tarixga kirgan terroristik aktga oid maxfiy suratlar e’lon qilingandi.
LiveBarchasi