AQSH husiylar uchirgan dronni urib tushirdi
Olam
−
14 dekabr 2023
4072AQSH Markaziy qo‘mondonligining (CENTCOM) USS Mason esminetsi Qizil dengizda Yamandagi husiylar nazorati ostidagi hududdan uchirilgan dronni urib tushirdi. Bu haqda CENTCOM ma’lum qildi.
ABC News’ning nomi oshkor etilmagan AQSH rasmiylariga tayanib xabar berishicha, kecha, 13 dekabr kuni ertalab Qizil dengizda Yaman husiylariniki deb taxmin qilinayotgan motorli kemalar Marshall orollari bayrog‘i ostida suzayotgan “Ardmore Encounter” tijoriy tankeriga yaqinlashgan. Kemaga ikkita raketa ham otilgan, biroq ular mo‘ljalda adashgan.
Shundan so‘ng, AQSHning USS Mason esminetsi “Ardmore Encounter” tankerining favqulodda chaqiruviga javob bergan. Yaman hududidan ikkita raketa va bir dron uchirilgan.
"USS Mason esminetsi husiylar nazorati ostidagi hududdan uchirilgan dronni urib tushirdi", deyiladi CENTCOM’ning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilingan hisobotida.
CENTCOM’ning ma’lum qilishicha, dron to‘g‘ridan-to‘g‘ri USS Mason kemasi tomon yo‘naltirilgan va estimets o‘zini himoya qilish uchun uchuvchisiz samolyotni urib tushirgan. Xodimlar jabrlanmagan va kemalarga zarar yetmagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yaman husiylari Qizil dengizda Isroil yuk kemasini qo‘lga olib, Yaman qirg‘oqlariga tortib olib ketgan. Isroil mudofaa kuchlari musodarani "global miqyosdagi hodisa" deb atagan. Keyinchalik Yaman qirg‘oqlarida Isroilning Zodiac Maritime kompaniyasiga tegishli bo‘lgan “Central Park” tankeri qo‘lga olingandi. AQSHning USS Mason esminetsi noma’lum shaxslar tomonidan hujumga uchragan "Central Park" kemasining favqulodda chaqiruviga javob qaytargan. Shundan so‘ng Yamandan USS Mason esminetsi tomon ikki ballistik raketa uchirildi. Dekabr oyida husiylar Isroilning Unity Explorer va Number Nine nomli ikkita kemasiga hujum qilgan. Ilgari husiylar faqat Isroil bilan bog‘liq kemalarga tahdidlarni e’lon qilgan. Biroq, 12 dekabrda ular Norvegiyaning “Strinda” savdo kemasiga hujum qilgan.
LiveBarchasi