AQSHni harbiy jinoyatchilar ro‘yxatiga kiritish kerak – Volodin

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari rahbariyati Kiyev rejimi tomonidan Ukrainada sodir etilgan jinoyatlar uchun javob berishi va harbiy jinoyatchilar ro‘yxatiga kiritilishi kerak. Bu haqda Rossiya Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ta’kidladi.

“Ukrainada Kiyev natsistlari rejimi tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun AQSH rahbariyati ham javobgarlikka tortilishi va harbiy jinoyatchilar ro‘yxatiga qo‘shilishi kerak”, deydi u.

Volodinning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning harbiy amaliyotlarini muvofiqlashtirib, Rossiyaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashayotganini tan olgan.

“AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukraina bilan razvedka ma’lumotlari almashinuvi haqidagi ma’lumotlar sizib chiqishini to‘xtatishni talab qilib, Vashington maxfiylikdan chiqarilganini tan oldi”, deydi Davlat dumasi spikeri.

Shuningdek, Vyacheslav Volodin AQSH Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtirok etayotganini ham da’vo qildi.

“AQSH Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtirok yetmoqda. Aslida, bugun Vashington harbiy operatsiyalarni muvofiqlashtirib, rivojlantirmoqda, shu orqali mamlakatimizga qarshi jangovar harakatlarda bevosita ishtirok etmoqda”, deb yozadi Davlat Dumasi spikeri. 

Uning ta’kidlashicha, gap faqat qurol-yarog‘ va texnika yetkazib berishda emas.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

10

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing