“Aqlbovar qilmas maoshlar”. Bu gal qaysi tashkilot rahbarlari oyligi haqida xabarlar tarqaldi?
Jamiyat
−
17 may 2023
37758Davlat tashkiloti rahbarlarining yuqori ish haqi olayotgani to‘g‘risidagi xabarlar “bolalash”da davom etmoqda. Bu gal ijtimoiy tarmoqlarda Gidrometeorologiya agentligi rahbarlari maoshiga qo‘shimcha ravishda yuqori mukofot puli tayinlangani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Tabiat resurslari vazirligining Matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Tarmoqlarda tarqalgan Gidrometeorologiya xizmati agentligining rahbari buyrug‘iga ko‘ra, 2022 yilda kelib tushgan murojaatlar, hujjatlar, topshiriqlar, buyruq va farmoyishlar ijrosini o‘z vaqtida sifatli bajarishda faol ishtirok etgani uchun ko‘plab xodimlarni taqdirlash ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, agentlik bosh direktori Sh.Habibullayev va uning o‘rinbosari I.Karimov mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (920 ming so‘m)ning 50 barobari, ya’ni 46 mln so‘m hisobida mukofot puli olgani aytilgan. Ushbu rag‘batlantirish to‘g‘risidagi buyruqni rahbar Sh.Habibullayevnig o‘zi imzolagan.
Tabiat resurslari vazirligining aytishicha, hozirda holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan va tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, tekshiruv natijasi bo‘yicha Tabiat resurslari vazirligi tomonidan qonunga muvofiq ravishda tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston milliy metrologiya institutining direktoridan tortib yuristigacha yuqori maosh olgani haqida ma’lumot tarqalgandi. Internetga sizdirilgan ro‘yxatda institut direktorining bir yil davomida 272 million, bosh buxgalterining 303 million, yuristining 402 million hamda bo‘lim boshliqlarining 141 va 148 million so‘mdan oylik maosh olgani qayd etilgandi.
Avvalroq, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi yana bir boshqa tashkilot – “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” (O‘zTest)ning rahbari va buxgalteri ham yuqori maosh olgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Unga ko‘ra, muassasa bosh buxgalteri yanvar-fevral oylarida umumiy 469 mln so‘m, rahbari esa 136 mln so‘m oylik olgani ko‘rsatilgan edi.
Keyinchalik bu xabar rost ekani tasdiqlanib, hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgandi va natijada O‘zTestning rahbari ishdan olingandi.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi