Afg‘oniston Rossiya va yana ikki davlatdan terrorizmga qarshi kurashda yordam so‘radi
Olam
−
10 iyul 2021
10251Afg‘oniston Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hamdulla Mohib tashqi sheriklarni, jumladan Rossiya, Hindiston va Xitoyni Kobulga terrorizmga qarshi kurashda yordam berishga chaqirdi.
“Biz tashqi sheriklarni mudofaa va xavfsizlik kuchlarimizga terrorizmga qarshi kurashishda yordam berishga chaqiramiz. Tabiiy ravishda Xitoy, Hindiston va Rossiyadan kelgan barcha tashqi sheriklarning texnik ko‘magini mamnuniyat bilan qarshi olamiz”, degan davlat rahbarining maslahatchisi.
Mohibning ta’kidlashicha, har qanday tashqi yordam mamlakat ichki ishlariga aralashishga olib kelmasligi kerak.
Ma’lumot o‘rnida, “Tolibon” jangarilari kecha, 9 iyul kuni Afg‘onistondagi ikkinchi yirik shahar — Qandahorga hujum qildi, hujum natijasida bir nechta tinch aholi yaralandi. Afg‘oniston rasmiylarining xabar berishicha, toliblar Afg‘oniston hududining 80 foizdan ortig‘ini, shu jumladan qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh shaharlarni nazorat qilmoqda.
So‘nggi bir necha oy davomida Afg‘onistonda hukumat kuchlari va toliblar o‘rtasida mamlakatning muhim hududlari uchun kurash ketmoqda. “Tolibon” harakati mamlakatning 85 foizini o‘z nazoratiga olganini da’vo qilgandi. Qayd etish kerakki, Afg‘onistondagi beqarorlik xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi fonida kuchaymoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQSH joriy yilning may oyidan o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqa boshladi. Xabarlarga ko‘ra, rasmiy Vashington shu vaqtga qadar 90 foiz harbiy kontingentini olib chiqqan. Rejaga ko‘ra, Amerika Afg‘onistonni tark etish jarayonini joriy yilning 31 avgustiga qadar yakunlamoqchi. Italiya va Germaniya esa Afg‘onistonni butunlay tark etishga ulgurgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi qo‘shni davlatlarni ham xavotirga solmoqda. Jumladan Eron, Turkmaniston, O‘zbekiston va ayniqsa Tojikiston Afg‘onistondagi keskinlikdan bezovta. Tojikistonga Afg‘oniston hududidan nafaqat harbiylar, balki tinch aholining ham qochib o‘tish holatlari kuzatildi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun, AQSH va uning boshchiligidagi harbiy ittifoq — NATO kuchlari 2001 yilning oktyabr oyida Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandi. Bunga 2001 yilning 11 sentyabrida Amerikada amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi